“Business Turk”: O‘zbekiston Yevroosiyoning yetakchi investitsiya markazlaridan biriga aylanmoqda
Iyul 20, 2026. 15:30 • 3 daq
• 201
TOSHKENT, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Business Turk” jurnali V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maxsus sonni chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolda yozilishicha, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan izchil islohotlar tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsiya maydonlaridan biriga aylandi. Buning yorqin tasdig‘i sifatida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada tashkil etilgani va unga xalqaro hamjamiyatning katta qiziqishi bildirilgani taʼkidlangan.
Nashr maʼlumotiga ko‘ra, forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingga yaqin delegat ishtirok etgan hamda uning yakunida umumiy qiymati 43,1 milliard dollarlik investitsiya kelishuvlari imzolangan. Bu esa forum tarixidagi eng yuqori natija sifatida baholangan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning forumdagi nutqiga alohida eʼtibor qaratilgan. Unda mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 150 milliard dollardan oshgani, shundan 123 milliard dollari so‘nggi besh yil hissasiga to‘g‘ri kelishi taʼkidlangan. Jurnal ushbu ko‘rsatkichlarni mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va islohotlar samarasi sifatida baholagan.
Shuningdek, nashrda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot va transport-logistika infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekistonning uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratayotgani qayd etilgan.
Mualliflar fikricha, amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston Yevroosiyodagi muhim investitsiya va logistika markazlaridan biri sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Mamlakatning geografik joylashuvi, zamonaviy transport yo‘laklari, raqamli transformatsiya jarayonlari va investitsiya uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar xorijiy investorlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Maxsus sonda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ham alohida yoritilgan. Xususan, Turkiya savdo vaziri O‘mer Bolat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirganini taʼkidlab, turk kompaniyalari respublikada umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 325 ta loyihani amalga oshirganini maʼlum qilgan.
“Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning xalqaro investitsiya bozoridagi mavqeini yana-da mustahkamladi. Mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar esa xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda”, – deya xulosa qilgan “Business Turk”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi