“Financia Digital News”: O‘zbekiston eksporti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda

Iyul 20, 2026. 12:00 • 2 daq

251
“Financia Digital News”: O‘zbekiston eksporti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda

ISLOMOBOD, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Financia Digital News” onlayn nashrida O‘zbekiston eksporti imkoniyatlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga tayanib maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonning 2026-yilning dastlabki besh oyidagi eksporti 12,6 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu mamlakatning xalqaro savdodagi barqaror o‘sishi, mintaqaviy va jahon bozorlari bilan iqtisodiy aloqalari mustahkamlanayotganini ifodalaydi.

Maqolada joriy yilning yanvar–may oylarida Rossiya O‘zbekistonning eng yirik eksport bozori bo‘lgani, ushbu davrda Rossiya O‘zbekistondan 1,9 milliard AQSH dollari miqdorida mahsulot import qilgani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich, global iqtisodiy sharoit o‘zgarib borayotganiga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam savdo munosabatlarini ko‘rsatadi.

Xitoy O‘zbekiston mahsulotlari uchun ikkinchi eng yirik eksport bozori bo‘lib, ushbu mamlakatga eksport hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Xitoy tomonidan saqlanib qolayotgan yuqori talab ikki tomonlama savdoning ahamiyati ortib borayotganini, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat xom ashyosi, to‘qimachilik va tayyor sanoat mahsulotlari savdosida yaqqol namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Yevropa bozorlari ham O‘zbekiston eksporti tarkibida muhim o‘rinni saqlab qoldi. Fransiya mamlakatning to‘rtinchi yirik eksport bozori bo‘lib, besh oy davomida O‘zbekistondan 626,2 million AQSH dollarilik mahsulot import qildi.

“Yana bir muhim mintaqaviy hamkor hisoblangan Qozog‘istonga eksport hajmi 573,7 million AQSH dollarini tashkil etdi. Turkiyaga esa 500,8 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilindi. Bu raqamlar O‘zbekistonning Yevroosiyo va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorligi kengayib borayotganini ko‘rsatadi”, – deyilgan manbada.

Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish mamlakatning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari samarasidir.

Maqola xulosasida taʼkidlanishicha, eksport bo‘yicha so‘nggi natijalar O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, logistika infratuzilmasini yaxshilash hamda xalqaro bozorlarda mamlakat mahsulotlariga bo‘lgan barqaror talab hisobiga o‘z mavqeini yana-da mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish