“Daily News Hungary”: 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosatida sifat jihatidan yangilash va mustahkamlash bosqichi bo‘ldi
Yanvar 07, 2026. 12:44 • 2 daq
• 272
BUDAPESHT, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Daily News Hungary” nashrida “Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi: 2025-yil yakunlari — barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘li” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“2025-yil O‘zbekiston uchun tashqi siyosiy pozitsiyalarini sifat jihatidan yangilash va mustahkamlash bosqichi bo‘ldi. Geosiyosiy keskinlik ortib borayotgan, global institutlar transformatsiyaga uchrayotgan hamda resurslar va bozorlar uchun raqobat kuchaygan murakkab xalqaro vaziyatda O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil ravishda ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borildi, – deb yozgan muallif.
Aynan shunday yondashuv tashqi aloqalar barqarorligini saqlab qolish bilan birga, ularga mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga va ichki rivojlanish vazifalariga mos keladigan yangi mazmun bag‘ishlash imkonini berdi”.
Nashrda qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonning diplomatik strategiyasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning uzviy qismi sifatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalar va xorijiy sayyohlarni jalb etish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun qulay tashqi sharoitlarni shakllantirishga qaratildi. Tashqi siyosiy kurs asosida doimo ochiqlik, teng huquqli sheriklik, o‘zaro hurmat, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilish tamoyillari yotdi.
Oliy darajadagi siyosiy muloqot jahon yetakchilari bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. AQSH, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya va qator arab davlatlari rahbarlari bilan yangi kelishuvlarga erishildi. 2025-yilda davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar soni 55 tadan oshdi, bu xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro ishonch ortganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari maqolada taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo anʼanaga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi siyosiy strategiyasida alohida o‘rin egallaydi. 2025-yilda ushbu ustuvor yo‘nalish yana-da institutsional rivojlanishga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qildi va ilk bor ushbu raislik alohida kompleks dastur asosida amalga oshirildi. Uning doirasida iqtisodiy hamkorlik, transport bog‘liqligi, ekologiya, suv resurslaridan oqilona foydalanish va gumanitar almashinuv masalalari qamrab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi