“Daily News Hungary”: O‘zbekiston va O‘mon hamkorligi mahalliy mahsulotlarning Ko‘rfaz va Sharqiy Afrika bozorlariga chiqishini kengaytirmoqda

Noyabr 17, 2026. 13:00 • 3 daq

• 142
“Daily News Hungary”: O‘zbekiston va O‘mon hamkorligi mahalliy mahsulotlarning Ko‘rfaz va Sharqiy Afrika bozorlariga chiqishini kengaytirmoqda

BUDAPЕSHT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” onlayn-nashrida “O‘zbekiston va O‘mon: kapital, ishlab chiqarish va yangi bozorlarga yo‘llar” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston uchun O‘mon bilan hamkorlik ikki muhim uzoq muddatli vazifani – milliy iqtisodiyotga kapital jalb qilish hamda o‘zbek mahsulotlarining Ko‘rfaz va Sharqiy Afrika bozorlariga chiqishini kengaytirishni ko‘zda tutadi. 

Ta’kidlanishicha, ikki mamlakatning investitsiya mexanizmi ancha oldin yaratilgan. O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror 2009-yilda qabul qilingan bo‘lib, uning ustav kapitali 266 million dollarni tashkil etadi. Hamkorlik doirasida umumiy qiymati 510,8 million dollarlik 12 ta loyiha yakunlangan, yana 936,3 million dollarlik 16 ta loyiha esa amalga oshirish bosqichida turibdi.

Muallif e’tibor qaratganidek, 2026-yil fevral oyida mazkur kompaniya va Turkiyaning “Hektaş” korxonasi Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi kimyosi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar. Loyihaning rejalashtirilgan investitsiya hajmi qariyb 75 million dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, “Suhail Bahwan Group” kompaniyasi “Max Copper” loyihasida ishtirok etishni ko‘rib chiqmoqda, “OQ” guruhi esa energiya saqlash tizimlarini (BESS) yaratish loyihasini o‘rganmoqda. Ushbu tashabbuslar turli bosqichlarda amalga oshirilmoqda.

Logistika sohasidagi bitimga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Iyun oyida “Asyad Group” o‘zbekistonlik hamkorlar ishtirokida “Universal Logistics Services” va “Highway Logistics Center” kompaniyalaridagi nazorat paketlarini sotib oldi. Bu Sohar, Dukm va Salala portlariga chiqadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri yuk tashish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shuningdek, O‘zbekiston hududlarida logistika markazlarini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Nashrning xabar berishicha, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 barobar o‘sgan. Kompaniyalar O‘zbekistonning elektrotexnika va to‘qimachilik mahsulotlari, quritilgan mevalar, shuningdek, Umonning oziq-ovqat va polimer tovarlarini yetkazib berishni muhokama qilmoqdalar.

Yakunda muallif yangi ishlab chiqarish quvvatlari va muntazam yuk tashish xizmatlarining ishga tushirilishi bilan mazkur hamkorlik O‘zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirib, Umonning Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashini ta’kidlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish