“Liga Hispano-Árabe”: O‘zbekiston va O‘mon yangi savdo arxitekturasini yaratmoqda
Noyabr 17, 2026. 12:00 • 2 daq
• 176
QOHIRA, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. “Liga Hispano-Árabe” ispan-arab mediaplatformasi tomonidan O‘zbekiston va O‘mon hamkorligini rivojlantirish hamda mamlakatimizning iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslariga nisbatan yangi yondashuvlariga bag‘ishlangan ikkita maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi: yangi davr va hamkorlik istiqbollari” sarlavhali maqolada ikki mamlakat munosabatlari an’anaviy diplomatik muloqotdan turli sohalardagi amaliy hamkorlikka o‘tib borayotgani qayd etilgan.
Bu jarayonning muvofiqlashtiruvchisi sifatida Hukumatlararo komissiya ko‘rsatilgan. 2025–2026-yillardagi oliy darajali uchrashuvlar qayd etilib, O‘zbekiston O‘monga to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va elektrotexnika mahsulotlarini, O‘mon esa neft, sanoat materiallari va uskunalarni yetkazib berishi mumkinligi aytilgan.
“Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari: O‘zbekistonning yangi yondashuvi” maqolasida esa Antaliyadagi COP31 arafasida mamlakatning suv siyosati yoritilgan. Nashr O‘zbekistonda foydalaniladigan suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilishini eslatib, yaqin besh yil ichida qishloq xo‘jaligi yerlarini suvni tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazish maqsad qilinganini ta’kidlaydi.
Maqola ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida 10,69 milliard kub metr suvni tejab qolishga erishildi. Suvni tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar 2017-yildagi 28 ming gektardan 2,8 million gektarga yoki sug‘oriladigan yerlarning qariyb 65 foiziga yetdi. 2026-yilda sug‘orish va melioratsiya uchun 2,2 trillion so‘m ajratilib, 1030 kilometr xo‘jaliklararo va 15 mingdan ortiq kilometr xo‘jalik ichki kanallari betonlashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi