Misr OAV: O‘zbekiston va O‘mon mintaqalar o‘rtasida yangi logistika va savdo ko‘prigini shakllantirmoqda

Noyabr 16, 2026. 18:30 • 2 daq

• 59
Misr OAV: O‘zbekiston va O‘mon mintaqalar o‘rtasida yangi logistika va savdo ko‘prigini shakllantirmoqda
Misr OAV: O‘zbekiston va O‘mon mintaqalar o‘rtasida yangi logistika va savdo ko‘prigini shakllantirmoqda

QOHIRA, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning yetakchi elektron nashrlarida O‘zbekiston va O‘mon munosabatlarining yangi bosqichiga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Abi-Arab” portalida “O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi: Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazini bog‘lovchi yangi strategik sheriklik” sarlavhali maqola chiqarildi. Unda ikki mamlakat munosabatlari an’anaviy diplomatik muloqotdan amaliy hamkorlikka o‘tib borayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, “Elmashhad” nashrida “O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi: strategik sheriklikning yangi istiqbollari” maqolasi chop etildi. Unda O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati va “O‘mon-2040” strategiyasi tomonlarning taraqqiyot borasidagi yondashuvlari mushtarakligini ko‘rsatishi ta’kidlangan. 

“See.news” portali ham “O‘zbekiston va O‘mon: yangi davr va hamkorlik imkoniyatlari” mavzusidagi maqolani o‘quvchilar e’tiboriga havola etdi. Barcha maqolalarda O‘zbekiston O‘mon uchun Markaziy Osiyoda muhim iqtisodiy hamkor, O‘mon esa O‘zbekiston uchun Fors ko‘rfazi mintaqasida ishonchli logistika sherigiga aylanishi mumkinligi aytilgan.

Mualliflar Hukumatlararo komissiyaning roliga alohida to‘xtalgan. 2026-yil sentabr oyida Maskat shahrida tomonlar uning oltinchi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, ikki tomonlama ishbilarmonlik kengashini tuzish va qo‘shma biznes-forum o‘tkazishni muhokama qilganlar. Maqolalarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston O‘monga to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va elektrotexnika mahsulotlarini, O‘mon esa neft, sanoat materiallari va uskunalarni yetkazib berishi mumkin. 

Investitsiya va transport sohalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. “UzOman” investitsiya kompaniyasi o‘ndan ortiq loyihani moliyalashtirgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ikki yildan buyon “Atyab International Services” agrooziq-ovqat texnologik markazi faoliyat yuritmoqda. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” koridori muhim ahamiyat kasb etadi. Yil o‘rtalarida “Oman Air” aviakompaniyasi Maskat – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga uch martalik reyslarni yo‘lga qo‘ydi.

Istiqbolli yo‘nalishlar sifatida “yashil” energetika, suvni tejovchi texnologiyalar, raqamli savdo, turizm va akademik almashinuvlar ko‘rsatilgan. O‘tgan yili 30 nafar o‘zbekistonlik tadbirkor ayol ilk bor Maskat shahridagi biznes-forumda ishtirok etgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish