“Delovoy Peterburg”: O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq Rossiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda

Iyun 23, 2026. 14:30 • 2 daq

72
“Delovoy Peterburg”: O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq Rossiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda

SANKT-PЕTЕRBURG, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Delovoy Peterburg” nashrida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi jarayoni va unda erishilgan kelishuvlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda ta’kidlanishicha, Rossiya ishtirokidagi kompaniyalar O‘zbekistonda umumiy qiymati 4 trillion rubldan ortiq bo‘lgan 150 dan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu haqda Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustin V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum qilgan.

Hukumat rahbari Toshkent xalqaro investitsiya forumining beshinchi yalpi majlisida so‘zga chiqar ekan, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir yarim baravarga oshgan. Investitsiyalar esa hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda Rossiya ishtirokidagi 3 mingdan ortiq kompaniya mamlakatda umumiy qiymati 4 trillion rubl bo‘lgan 150 dan ziyod investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.

Mixail Mishustinning qayd etishicha, ustuvor yo‘nalishlardan biri energetika sohasi hisoblanadi. Rossiya ko‘magida O‘zbekistonda mamlakat tarixidagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilmoqda. Loyihada bir maydonda ikkita yirik va ikkita kichik energiya blokini birlashtirgan noyob konfiguratsiya ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tijorat avtomobillari uchun vagonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mashinasozlik klasteri qurilishi ham amalga oshirilmoqda.

Maqolada qayd etilishicha, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12 foizga o‘sgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki uch oyida bu ko‘rsatkich qariyb 30 foizni tashkil etgan. Rossiya va O‘zbekiston yuqori texnologiyali mahsulotlar hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tovarlar hissasini oshirish orqali o‘zaro savdoni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Bugungi kunda Toshkent va Jizzax viloyatlarida texnoparklar faoliyat yuritmoqda. Ularda Rossiya kapitali ishtirokidagi maishiy kimyo mahsulotlari, polimer materiallar, tibbiy buyumlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik oqim ham o‘sishda davom etmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro sayyohlar oqimi qariyb 20 foizga oshgan. Rossiya O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi turistlar soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Rossiya biznesi mazkur sohada ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish