Pokiston OAV: OHICHK doirasida O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi roli ortib bormoqda
Oktabr 14, 2026. 19:30 • 2 daq
• 190
ISLOMOBOD, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Margalla Tribune” va “Khyber Mail” nashrlarida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimi Bekzod Normatovning “Ishonch inqirozi sharoitida OHICHK: Osiyoda hamkorlikni mustahkamlashda O‘zbekistonning roli” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda yozilishicha, 15-oktabr kuni Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK)ning VII sammiti bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan. Muallifning fikricha, navbatdagi uchrashuv davlatlarning muloqotni saqlab qolish va umumiy nuqtalarni topish qobiliyati alohida ahamiyat kasb etayotgan bir davrda o‘tkaziladi.
Ushbu formatning asosiy ustunligi uning barcha uchun ochiq va qamrovli xususiyatidir. Tuzilma harbiy-siyosiy blok hisoblanmaydi hamda ishtirokchi davlatlarning tashqi siyosiy suverenitetini cheklamaydi.
“Mazkur tamoyillar O‘zbekistonning OHICHK doirasida izchil amal qilib kelayotgan yondashuvi asosini tashkil etadi. Rasmiy Toshkent ushbu tashkilotning ishonch choralarini amalga oshirish va Osiyo davlatlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish vositasi sifatidagi rolini mustahkamlash tarafdori”, – deya ta’kidlangan maqolalarda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning OHICHKga nisbatan tizimli yondashuvi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi. Ularning umumiy mazmuni davlatlar o‘rtasidagi ishonchni saqlab qolish, uni amaliy mazmun bilan boyitish va umumiy tahdidlarga javob berishda ko‘p tomonlama mexanizmlarning imkoniyatlarini mustahkamlashga intilishdan iborat.
SMTI ekspertining yozishicha, O‘zbekiston Prezidenti 2019-yilda Dushanbe va 2022-yilda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitlardagi nutqlarida uchta asosiy yondashuvni ilgari surgan.
“Bular xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuv, ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy yo‘naltirilganligi va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishdir”, – deya ta’kidlangan manbada.
Umuman olganda, ushbu yondashuvlar O‘zbekistonning mazkur birlashma doirasidagi siyosati asosidagi mantiqni ochib beradi. Bu – davlatlar o‘rtasidagi ishonchni saqlash, uni amaliy hamkorlik orqali mustahkamlash va Osiyoning aniq muammolarini birgalikda hal etish uchun ko‘p tomonlama mexanizmlardan foydalanishdir.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonning OHICHKga qo‘shayotgan hissasi ishonchni mustahkamlash va mintaqaning xavfsiz hamda farovon kelajagini barpo etishga qaratilgan tashabbuslarni izchil amalga oshirishda namoyon bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi