Misr matbuoti: O‘zbekiston korxonalari raqamli transformatsiyaning yangi bosqichiga o‘tmoqda
Avgust 27, 2026. 16:30 • 2 daq
• 93
QOHIRA, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-diplomasy” va “Almontasaf” nashrlarida O‘zbekistondagi korxonalarni raqamlashtirish jarayoniga bag‘ishlangan materiallar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalari yoritilgan. Tadqiqot mamlakatdagi 5 mingdan ziyod korxonani qamrab olgan.
“Al-diplomasy” nashrida respublika xususiy sektorida kuzatilayotgan muhim tarkibiy o‘zgarishlar, yaʼni oddiy raqamli yechimlardan chuqur texnologik va operatsion modernizatsiyaga o‘tish jarayoni keng yoritilgan.
Taʼkidlanishicha, samaradorlikni oshirishga qaratilgan choralar, jumladan, sunʼiy intellekt elementlari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etgan korxonalarga talab o‘sishi kuzatilmoqda. Bunday korxonalar xarajatlarni kamaytirish ehtimoli bo‘yicha 4,1 barobar yuqori natija ko‘rsatgan. Shuningdek, ularda xodimlar ish haqini 10 foizdan ziyod oshirish holatlari 2,1 barobar ko‘proq uchraydi.
“Almontasaf” maqolasida esa texnologiyalarning joriy etilish darajasi va hududlar o‘rtasida saqlanib qolayotgan tafovutlar tahliliga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, korxonalarning 94 foizi bazaviy raqamli vositalardan foydalanmoqda. Kompleks choralarni joriy etish bo‘yicha Toshkent 18 foiz ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Ayrim hududlarda esa bu ko‘rsatkich hali ham past darajada qolmoqda.
Mualliflar biznesning mavjud salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun malakali IT va muhandislik kadrlari yetishmasligini bartaraf etish, hududlarda qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish hamda chuqur ichki raqamli tizimlarga o‘tish zarurligiga eʼtibor qaratgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi