Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi

Avgust 27, 2026. 17:00 • 3 daq

83
Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi
Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi
Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi
Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi
Hindiston O‘zbekistondagi harbiy poliklinikaga zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar topshirdi

DEHLI, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti poliklinikasi zamonaviy tibbiy texnika va uskunalar bilan to‘liq jihozlanib, rasman foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu loyiha O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik aloqalar hamda harbiy-tibbiyot va taʼlim sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning navbatdagi namunasi bo‘ldi.

Tantanali ochilish marosimida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari general-mayor Farhodjon Shermatov, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant hamda harbiy xizmatchilar va faxriylar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Hindiston hukumati tomonidan beg‘araz yordam sifatida ajratilgan zamonaviy diagnostika va davolash apparaturalari, ixtisoslashtirilgan reanimobil hamda Mudofaa vazirligi harbiy gospitallari uchun to‘rt to‘plam travmatologik uskunalarni rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish doirasida poliklinikaga umumiy qiymati 500 ming dollarga teng bo‘lgan 49 turdagi 70 dan ortiq zamonaviy tibbiy uskunalar yetkazib berildi. Ular orasida raqamli rentgenograf, sutkalik monitoring apparati (Xolter), veloergometr, UZI apparati, zamonaviy stomatologiya va fizioterapiya uskunalari bor.

Yangi tibbiy imkoniyatlar harbiy xizmatchilar, kursantlar va ularning oila aʼzolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirishga, shuningdek, kasalliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolashni taʼminlashga xizmat qiladi. Yangi reanimobilning foydalanishga topshirilishi shoshilinch yordam ko‘rsatish tezkorligini sezilarli darajada oshiradi.

O‘zbekiston va Hindistonning harbiy taʼlim va tibbiyot sohasidagi sherikligi izchil rivojlanmoqda. Ilgari Hindiston ko‘magida universitetda axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik laboratoriya majmuasi tashkil etilgan edi. Bundan tashqari, hindistonlik mutaxassislar kursantlar va ofitserlarni o‘qitish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Ushbu qo‘shma loyihalarning barcha bosqichlarida ikki mamlakat elchixonalari samarali maʼmuriy va logistik nazoratni taʼminladi.

Marosimda Hindiston hukumatiga harbiy-tibbiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirildi. Mudofaa aloqalarini mustahkamlashda faollik ko‘rsatgan hindistonlik mutaxassislar Mudofaa vazirligining “Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida mehmonlar poliklinikada yaratilgan zamonaviy sharoitlar va yangi imkoniyatlar bilan tanishdi.

Tibbiyot muassasasining foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik va eʼtiborning navbatdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish