Nepal va Xitoyda yuz bergan suv toshqinlari oqibatida 1,5 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan

Avgust 27, 2026. 16:00 • 2 daq

42
Nepal va Xitoyda yuz bergan suv toshqinlari oqibatida 1,5 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan
“AFP” agentligi surati

KATMANDU, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Nepal va Tibetdagi halokatli suv toshqinlaridan so‘ng 1,5 mingga yaqin kishi, jumladan, 700 dan ortiq xorijlik bedarak yo‘qolgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Himolay daryosiga loy va tosh massasining qulashi natijasida suv va vayronalar oqimi yo‘llar, uylar va infratuzilmani yuvib ketgan. Nepalda kamida 165 kishi halok bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat idoralari qurbonlar soni yana-da ortishi mumkinligini maʼlum qildi.

Mamlakatda 826 kishi, jumladan, 500 ga yaqin xorijlik bedarak yo‘qolgan. Qayerdaligi nomaʼlum bo‘lgan sayyoh va ziyoratchilar orasida Hindistonning 177 nafar, AQSHning 63 nafar, Avstraliyaning 34 nafar, Buyuk Britaniyaning 33 nafar va Kanadaning 25 nafar fuqarosi bor. Tibetning Jiro‘ng hudidida 558 kishi, jumladan 260 nafar xorijlik bedarak yo‘qolgan. Xitoy rasmiylari uch kishi halok bo‘lganini maʼlum qildi.

Qidiruv-qutqaruv amaliyotiga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va politsiya xodimi jalb etilgan. Bugun qutqaruvchilar 125 kishi, jumladan, 20 nafar xorijlikni topib, evakuatsiya qildi. Jabr ko‘rgan hududlarga chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zaruriy vositalar yetkazilmoqda.

Qutqaruv ishlarini yangi suv va loy ko‘chkilari xavfi hamda prognoz qilinayotgan yomg‘irlar murakkablashtirmoqda. Bedarak yo‘qolganlar orasida hinduiylar va buddistlar uchun muqaddas sanalgan Kaylas tog‘i va Manasarovar ko‘liga ketayotgan ziyoratchilar ham bor.

O‘zbekistonning Dehlidagi (ayni paytda Nepalda ham faoliyat yuritadi) elchixonasi maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda falokat oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida vatandoshlarimiz to‘g‘risida maʼlumot kelib tushmagan. Mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasi tegishli idoralar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyat rivojini muntazam kuzatib bormoqda.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish