“Finančné Noviny”: O‘zbekiston–Belarus hamkorligi Yevrosiyo logistikasida muhim o‘rin tutmoqda
Avgust 06, 2026. 16:00 • 2 daq
• 104
BRATISLAVA, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. Slovakiyaning ommabop “Finančné Noviny” nashrida “Belarus va O‘zbekistonning Yevraziyada barqaror transport koridorlarini mustahkamlashdagi hamkorlik yo‘nalishlari” sarlavha maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, zamonaviy geosiyosiy va geoiqtisodiy sharoitda Yevrosiyo hududida barqaror va muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi muhim tranzit bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblangan O‘zbekiston hamda Belarus o‘rtasidagi amaliy hamkorlik alohida o‘rin tutadi.
Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning izchil o‘sib borayotgani, yangi logistika yo‘nalishlarini shakllantirish va mavjud transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar atroflicha tahlil qilingan.
Xususan, “Shimol–Janub” va Yevrosiyo tranzit koridorlari salohiyatidan samarali foydalanish, yuklarni tashish vaqti va xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan ko‘p tomonlama loyihalarning ahamiyati qayd etilgan.
Materialda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida transport-kommunikatsiya va tranzit sohalarida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi