Tokioda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etildi

Avgust 07, 2026. 15:00 • 2 daq

86
Tokioda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etildi
Tokioda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etildi
Tokioda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etildi
Tokioda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etildi

TOKIO, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Tokio shahrida mamlakatimizning turizm brendini targ‘ib qilish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi Keysuke Minami, mashhur sayohatchi-bloger Mushokutabi, “TBS” teleradiokompaniyasi boshlovchisi Ukyo Furuta, “O‘zbekiston madaniyati va turizmi assotsiatsiyasi” vakillari, turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi yetakchi blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turizm sohasini jadal rivojlantirish, turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda xorijiy sayyohlar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, elchi turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aviaqatnovlar va temir yo‘l yo‘nalishlarini kengaytirish, xalqaro talablarga javob beradigan mehmonxonalar sonini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Taqdimotlar chog‘ida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari, ziyorat, ekologik va gastronomik turizm imkoniyatlari keng yoritildi.

Yaponiyadagi O‘zbekiston turizm byurosi vakili Aki Masaoka mamlakatimizga sayohat qilish afzalliklari hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari haqida so‘z yuritdi. Turizm elchisi Keysuke Minami O‘zbekistonning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalari va mamlakatda vinochilik turizmini rivojlantirish salohiyati haqida fikr bildirdi.

Bloger Mushokutabi esa O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlari davomida olgan taassurotlari, milliy taomlar va mehmondo‘stlik xususida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir doirasida “O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusida viktorina o‘tkazilib, ishtirokchilarga mamlakatimiz haqida qiziqarli maʼlumotlar taqdim etildi hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish