“The Financial Times”: O‘zbekiston “yashil” energetikaga o‘tish orqali o‘z iqtisodiyotini liberallashtirmoqda
Iyun 24, 2026. 08:15 • 2 daq
• 131
LONDON, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Financial Times” nashri O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvnijoylashtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston zamonaviy va ekologik barqaror iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgani atroflicha tahlil qilingan.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotning jadal o‘sishi va energiya iste’molining ortishi, shuningdek, global iqlim o‘zgarishlari fonida rasmiy Toshkent qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga asosiy e’tiborni qaratmoqda.
Energetika sektorini modernizatsiya qilish va sohaga “ACWA Power” hamda “Masdar” kabi yirik xalqaro investorlarni jalb etish tufayli mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiyani jamlash tizimlari jadal sur’atlar bilan barpo etilmoqda. Shu bilan bir qatorda, ko‘plab mahalliy korxonalar va aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilgani an’anaviy energiya manbalariga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qilayotgani e’tirof etilgan.
Materialda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), “ACWA Power”, “Masdar” kompaniyalari mas’ul vakillari, “The Financial Times” hamda Britaniyaning “Chatham House” xalqaro munosabatlar instituti ekspertlari, O‘zbekistonning yirik “Samarkand Apparel” va “BMB Holding” kompaniyalari rahbarlari bilan eksklyuziv intervyular keltirilgan.
Xalqaro ekspertlar va mutasaddilar O‘zbekiston hukumatining ambitsiyali maqsadlarini alohida qayd etdilar. Xususan, mamlakat 2030-yilga borib elektr energiyasining yarmidan ko‘pini qayta tiklanuvchi manbalardan olishni, 2050-yilga kelib esa to‘liq uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan.
“The Financial Times” xulosasiga ko‘ra, infratuzilma bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda “yashil” energetika yetakchisiga va toza energiyaning yirik eksporteriga aylanish uchun qat’iy qadamlar tashlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi