O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi

Iyun 24, 2026. 08:55 • 2 daq

17
O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi
O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi
O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi

NANNIN, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Nannin shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Guansi–Chjuan avtonom rayoni Tashqi ishlar idorasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik barcha muhim yo‘nalishlarda yuqori sur’atlarda rivojlanayotgani qayd etildi.

Tomonlar Guansi va mamlakatimiz hududlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni o‘rnatish to‘g‘risida memorandumni ishlab chiqishga, shuningdek, tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-ta’lim almashinuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida Guansi Xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi raisi bilan muzokaralar hamda Xitoyning 20 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida “O‘zbekiston–Guansi: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi va agrosanoat mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim sohasidagi kelishuvlar tashrifning muhim natijasi bo‘ldi. Guansi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar universiteti prezidenti Li Syanxun shu yil sentyabr–oktyabr oylarida Navoiy davlat pedagogika instituti va Toshkent davlat agrar universitetining o‘n nafar professor-o‘qituvchisi uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston agrar sohasiga ilg‘or tajribalarni tatbiq etish va zamonaviy innovasion texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qiladigan mazkur oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlashga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish