O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimidagi nutqi
Iyun 23, 2026. 20:19 • 8 daq
• 10
(2026-yil 5-iyun, Namangan sh.)
Assalomu alaykum, hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Betakror O‘zbekiston zaminida uchinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida dunyoning turli qit’a va mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli san’at va madaniyat namoyandalarini ko‘rib turganimdan mamnunman.
San’at – qalblarni birlashtiradigan, odamlarga ezgulik ulashadigan ma’naviyat ko‘prigidir deb bejiz aytilmagan. Shu ma’noda, yurtimizda doimiy tus olgan ushbu anjuman – maqom san’atining umumbashariy nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan jahon sahnasiga aylanib bormoqda.
Bugungi tadbirimizda UNESCO, ICESCO, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy oqsoqollar kengashi, TURKSOY, Turkiy Parlament Assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, chet davlatlarning madaniyat vazirlari va muhtaram elchilari, 80 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning 250 ga yaqin madaniyat va san’at vakillari ishtirok etayotgani anjumanimizga alohida fayz va shukuh bag‘ishlamoqda.
Fursatdan foydalanib, uzoq-yaqin yurtlardan tashrif buyurgan aziz mehmonlarimizga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Yangi O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O‘zbekiston zaminidagi har bir tuman, har bir viloyat, har bir hudud o‘ziga xos san’ati va madaniyati, qadriyat va an’analari, mashhur ijodkorlariga ega. Bugungi anjumanimiz o‘tayotgan so‘lim va go‘zal Namangan diyori ham ana shunday tabarruk maskandir. Namangan o‘zining tadbirkorlari, obod shahar va qishloqlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, san’at va sportdagi yutuqlari, bilimli va shijoatli yoshlari bilan alohida e’tirofga loyiq.
Shu kunlarda ushbu fayzu tarovatli zaminda yuksak darajada tashkil etilgan, butun dunyoga mashhur 65-xalqaro Namangan gullar festivali shodu xurramlik bilan davom etmoqda. Va men bugungi imkoniyatdan foydalanib, butun xalqimizni, barcha nafosat shaydolarini xursand qilayotgan ana shunday ulkan bayram bilan siz, azizlarni – mehnatkash va mirishkor, oqko‘ngil, pok niyatli Namangan ahlini yana bir bor samimiy tabriklayman.
Mazkur festival Yangi O‘zbekiston sharoitida oddiy gullar ko‘rgazmasidan xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan katta madaniy hodisa, o‘ziga xos milliy brend darajasiga ko‘tarilganini biz nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar samarasi sifatida qabul qilamiz.
Bugungi kunda ko‘rkam chamanzorga aylangan Namangan diyorida joriy yilning o‘zida 150 million tupdan ortiq gul ko‘chatlari o‘tqazilgani va bu natija xalqaro miqyosda tan olinib, “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritilgani har tomonlama e’tibor va tahsinga sazovor, ibrat olishga arziydigan voqea, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ming rahmat sizlarga, qo‘llaringiz hech qachon dard ko‘rmasin!
Aziz yurtdoshlar!
Namangan buyuk shoir va mutafakkir Boborahim Mashrab, Nodim, Fazliy, Majzub Namangoniy, So‘fizoda, Ibrat, Usmon Nosir, Chustiy, Habib Sa’dulla kabi atoqli so‘z san’atkorlarini kamolga yetkazgan saxovatli zamindir. Bu ulug‘ zotlar qatorida milliy musiqa madaniyatimiz rivojida o‘chmas iz qoldirgan Ro‘zimatxon Isaboyev, Vahobjon Abdullayev, Mahmudjon Muhammedov, Ergash Yo‘ldoshev, Saidjon Kalonov, Tursunoy Mamedova, Kamoliddin Rahimov, Habiba Oxunova, O‘rinboy Nuraliyev, Hadiya Yusupova, Jo‘raxon Rahimov singari el tanigan hofizlar, sozanda va bastakorlarning nomlarini bugun ham hurmat bilan tilga olamiz.
Ushbu o‘lmas siymolarning boy ijodiy merosi yangi-yangi san’atkorlar avlodi uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qadrli do‘stlar!
UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan maqom naqadar buyuk va noyob san’at ekanini barchamiz yaxshi bilamiz va xalqaro hamjamiyatning bunday e’tirofini yuksak qadrlaymiz. Zero, maqom bu oddiy musiqa emas. Maqom – millatning xotirasi, xalqning qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan ma’naviy ovozidir. Unda ajdodlar hikmati, orzu-umidlari, dardi va quvonchi mujassam, desam, o‘ylaymanki, fikrimga qo‘shilasiz.
Yurtimizda o‘tkazilayotgan uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining asosiy maqsadi – ana shunday noyob merosni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishdan iborat.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda maqom san’ati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga ko‘tarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Bugun nafaqat maqom ijrochiligi, balki uning nazariy asoslari ham chuqur o‘rganilmoqda. Xususan, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abdulqodir Marog‘iy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Komil Xorazmiy, Abdurauf Fitrat, shuningdek, Yunus Rajabiy, Fayzulla Karamatov, Ishoq Rajabov kabi allomalarning ilmiy asarlari, maqomshunoslik an’analari davom ettirilmoqda.
Maqom san’atining nazariy, tarixiy va falsafiy masalalarini o‘rganadigan maxsus ilmiy kengashlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Biz sohada yuksak bilim va malakaga ega kadrlarni tarbiyalash vazifasiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu borada “musiqa maktabi – ixtisoslashgan maktab – oliygoh” tizimi yo‘lga qo‘yilgani yoshlarimizning aniq dasturlar asosida uzluksiz ta’lim olishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yaqinda madaniyat va san’atning 21 ta yo‘nalishida, xususan, maqom bo‘yicha ham ijodiy birlashma tashkil qildik. Ushbu birlashmalar jamiyatimizning eng quyi bo‘g‘ini bo‘lgan mahalladan boshlab ijodkor yoshlarni topish, ularni qo‘llab-quvvatlash va iste’dodini yuzaga chiqarishga ko‘mak beradi. Endilikda yosh maqomchilarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida tanlovlar o‘tkazamiz.
Qadrli do‘stlar!
Hozirgi vaqtda “Shashmaqom” durdonalari, Farg‘ona – Toshkent va Xorazm maqomlarining o‘rganilmagan matnlari hamda noyob ijro uslublari qayta tiklanmoqda. Ayni yo‘nalishda yirik ilmiy va akademik nashrlar, ovozli arxivlar tayyorlanmoqda.
Biz ana shunday ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Yangi Toshkentda muhtasham Maqom markazini barpo etishga kirishdik. Ushbu maskanni Dunyo maqom markazi deb nomlasak va uning qoshida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etsak, nima deysizlar?
Ishonamanki, bu madaniy koshona jahon maqom san’atining yirik ilmiy-tadqiqot markaziga aylanadi. Akademiyada o‘zbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yo‘nalishlari ham o‘qitiladi. Mazkur dargohda maqomni sevadigan dunyo yoshlari uchun “ustoz-shogird” an’analari asosida mahorat amaliyoti dasturlari yo‘lga qo‘yiladi va bunga maxsus grantlar ajratiladi.
Markaz qoshida dunyo miqyosidagi eng noyob musiqiy qo‘lyozmalar, tovush yozuvlari va nota arxivlarini o‘zida mujassam etgan Xalqaro raqamli kutubxona va laboratoriya tashkil etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi majmua soha olimlari va san’atshunoslarni birlashtiradigan global ilmiy-akademik platforma bo‘ladi.
Dunyo xalqlarining maqom, mug‘om, mukam, dastgoh kabi mumtoz musiqa namunalari haqidagi ma’lumotlarni yagona raqamli makonga ko‘chirish vaqti keldi. Shu bois, maqom san’ati olimlari va ijodkorlarini Jahon maqom antologiyasini yaratishga chaqiraman. Bunda dunyodagi barcha maqom asarlari, notalar, audio va video yozuvlar, ilmiy tadqiqotlar yagona raqamli platformaga joylashtiriladi, maqom ijrosi bo‘yicha mobil ilova ishga tushirilib, uning fonotekasi doimiy ravishda yangilab boriladi.
O‘ylaymanki, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan san’atkor va musiqashunoslar bu muhim jarayonga munosib hissa qo‘shadilar.
Maqom ilmini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro jamg‘arma tashkil qilishni taklif etamiz. Ushbu Jamg‘arma grantlari maqom bo‘yicha ilmiy izlanishlarni, noyob manbalarni o‘rganish, innovasion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va soha vakillarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilsa, ayni muddao bo‘ladi.
Shu bilan birga, Jamg‘arma hisobidan Xalqaro maqom mukofoti ham ta’sis etilib, maqom rivojiga katta hissa qo‘shgan olim va san’atkorlar har ikki yilda rag‘batlantirib borilsa, o‘ylaymanki, bu ham maqom san’atining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
“Shashmaqom”ning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha hududlarimizda “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutini yaratamiz. Jumladan, Buxoroda “Buzruk” maqomi; Samarqandda “Rost” maqomi; Xivada “Xorazm” va “Iroq” maqomi; Qo‘qonda “Navo” maqomi; Shahrisabzda “Dugoh” maqomi; Toshkentda “Segoh” maqomi bo‘yicha turizm-tematik ko‘chalari tashkil etiladi. Kafe va restoranlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarda maqom qo‘shiqlari doim yangrab turadi.
Tadbirimizda qatnashayotgan ozarbayjonlik san’atkorlar mug‘omi bilan, turkiyalik ijodkorlar muqomi, tojikistonlik hofizlar maqomi, Hindiston badiiy jamoalari “raga”si, Afrika qit’asi vakillari “nuba”si bilan “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutida faol ishtirok etsalar, dunyo bo‘ylab maqomning xalqaro obro‘-e’tibori yana-da yuksaladi deb ishonaman.
Yurtimizda maqom asarlarining oltin fondini yaratib, xalqimizga yetkazib kelayotgan Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomini beramiz. Aminmanki, ushbu yuksak e’tirof mashhur ijodiy jamoani yana-da ruhlantirib, milliy san’atimizning durdona asarlarini jahon sahnalariga olib chiqishda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom bag‘ishlaydi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hozirgi globallashuv davrida maqom – inson qalbi va yuragida ezgu tuyg‘ularni tarbiyalaydigan, shu asosda yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltiradigan hayotbaxsh sarchashma, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Mamlakatimizda yaxshi an’anaga aylangan Xalqaro maqom san’ati anjumani maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazib beradigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Ezgu maqsad yo‘lida boshlagan bu ishlarimiz sizlar kabi fidoyi insonlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan kelgusida ham izchil davom etadi deb ishonaman.
Muhtaram do‘stlar!
Har qanday davlatning kuch-qudrati uning faqat iqtisodiy boyligi, yer osti resurslari bilangina emas, yuksak madaniyati va san’ati bilan ham o‘lchanadi. Shu sababli biz bugun sizlar bilan birga ana shunday bebaho ma’naviy xazina – maqom san’ati bayramini xalqaro darajada nishonlamoqdamiz.
Ishonchim komil, anjuman doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bildiriladigan takliflar, mahoratli ijrochilarning chiqishlari nafaqat soha rivojiga, balki xalqlar o‘rtasida qardoshlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Barchamizning tilagimiz yakdil va hamohang: maqom san’atining har bir so‘zi tinchlikka xizmat qilsin, har bir navosi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlasin, har bir sadosi kelajak avlodlarga milliy g‘urur va ma’naviy kuch bag‘ishlasin.
Maqomni sevganlar hech qachon kam bo‘lmasin!
Uchinchi Xalqaro maqom anjumanini ochiq deb e’lon qilaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, jo‘shqin ilhom, yangi ijodiy yutuqlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyat tilayman.
***
Hurmatli anjuman qatnashchilari, aziz yurtdoshlar!
Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz xalqimizning 34-yillik orzularini ro‘yobga chiqarib, jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Bu bizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Milliy jamoamizning Kolumbiyaga qarshi ilk debyut o‘yini nafaqat O‘zbekiston xalqini, balki xorijdagi vatandoshlarimizni, butun Markaziy Osiyo, turkiy xalqlar va Hamdo‘stlik mamlakatlari futbol ishqibozlarini ham bir maqsad yo‘lida birlashtirdi, yana-da yaqinlashtirdi.
Biz bundan faxrlanamiz.
Bugun ko‘p millatli xalqimiz yana hayajonli lahzalar qarshisida turibdi. Milliy jamoamiz Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi. Bu uchrashuv ham mamlakatimiz futboli tarixidagi navbatdagi muhim sahifalardan biri bo‘ladi.
Men futbolchilarimizni jahon chempionatiga kuzatish marosimida “Sizlar allaqachon tarix yaratib bo‘ldingiz” degan edim. Biz vatanparvar va fidoyi futbolchilarimizni Yangi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari deb bilamiz. O‘yindan o‘yinga tajriba orttirib, yashil maydonda tobora yaxshiroq to‘p surayotgan terma jamoamiz millionlab vatandoshlarimizning orzu-istaklari va duolarini his qilib, bugungi o‘yinda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonaman.
Biz jamoamiz bilan doim birgamiz va uni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz!
Omad yor bo‘lsin, aziz o‘g‘lonlarim!
O‘zbekiston, olg‘a!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi