Rossiya OAV: O‘zbekiston YUNYESKO minbaridan Movarounnahrning ilmiy-ma’naviy merosini dunyoga tanitmoqda

Oktabr 13, 2026. 18:30 • 3 daq

• 104
Rossiya OAV: O‘zbekiston YUNYESKO minbaridan Movarounnahrning ilmiy-ma’naviy merosini dunyoga tanitmoqda

SANKT-PETERBURG, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning qator onlayn nashrlarida YUNYESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyaga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “News of Russia” nashridagi maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boy ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish borasidagi tashabbuslarini izchil davom ettirmoqda.

Parij shahridagi YUNYESKO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ushbu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

Anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) raisi Firdavs Abduholiqov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqaro dasturlarni taqdim etdi.

Dasturlarda Movarounnahr allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar yordamida ularni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

“Russia News” nashrida ham mazkur xalqaro konferensiya haqida material e’lon qilindi. Muallifning ta’kidlashicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan g‘oyalar bilan hamohangdir.

Bildirilgan tashabbuslar Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish hamda mamlakatlar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Nashrda yozilishicha, Movarounnahr asrlar davomida ilm-fan, falsafa, islom tafakkuri va ma’rifatning yirik markazlaridan biri bo‘lgan. Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiy kabi buyuk allomalarning asarlari bugun ham diniy bilimlar, axloq, ta’lim tarixi va madaniyatlararo muloqotni o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.

Bu jarayonda Rossiya bilan ilmiy aloqalar ham alohida ahamiyatga ega. Ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi ko‘p yillik akademik hamkorlik, Rossiya kutubxonalari va arxivlarida saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalari Markaziy Osiyo tarixini chuqur o‘rganish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Parijdagi konferensiya Markaziy Osiyo merosini xalqaro ilmiy makonga olib chiqish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish