SMTI eksperti: Strategik sheriklikdan ittifoqchilik sari
Iyul 31, 2026. 20:00 • 6 daq
• 115
TOSHKENT, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bo‘lim boshlig‘i Azamat Sulimanov “Dunyo” AAga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini namoyon etdi. Tashrifning asosiy yakuni Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘lib, ushbu hujjat ikki mamlakat hamkorligini avvalgi strategik sheriklik doirasidan yangi darajaga olib chiqdi.
Strategik sheriklik siyosiy muloqot va muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish uchun asos yaratgan bo‘lsa, ittifoqchilik tomonlarning yana-da chuqur o‘zaro masʼuliyatini nazarda tutadi.
U tomonlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga birgalikda javob qaytarish hamda har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini mustahkamlaydi.
Yangi bosqichni institutsional jihatdan rasmiylashtirishning muhim elementi Oliy davlatlararo kengashning tashkil etilishi bo‘ldi. Mazkur tuzilma ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muntazam ko‘rib chiqish maydoniga aylanib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qo‘shimcha surʼat bag‘ishlaydi.
Eʼtiborlisi, tashrif umummintaqaviy muloqot faollashgan bir sharoitda o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘izistonda bo‘lib turgan vaqtida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etdi.
Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilayotgani mintaqa mamlakatlari Markaziy Osiyoni umumiy manfaatlar mushtarak bo‘lgan yaxlit makon sifatida tobora ko‘proq qabul qilayotganini ko‘rsatadi. Bu makonda xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, energetika va barqaror taraqqiyot masalalari o‘zaro muvofiqlashtirilgan yechimlarni talab qiladi.
So‘nggi yillarda mintaqada ittifoqchilik munosabatlari tarmog‘i shakllanmoqda. Qirg‘iziston Qozog‘iston va Tojikistondan keyin O‘zbekiston bilan hamkorlikning ushbu formatini rasmiylashtirgan Markaziy Osiyodagi uchinchi mamlakat bo‘ldi. Mazkur holat 2025-yil noyabr oyida Toshkent sammitida qabul qilingan Markaziy Osiyoning mintaqaviy xavfsizligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti konsepsiyasi bilan birgalikda mintaqa davlatlari hamkorlikning yangi darajasi – xavfsizlik hamjamiyatini shakllantirish sari bosqichma-bosqich o‘tayotganidan dalolat beradi.
Gap davlatlar barqarorlikni birgalikda taʼminlaydigan, umumiy tahdidlar qarshisida o‘z harakatlarini muvofiqlashtiradigan hamda xavfsizlikni siyosiy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik, suv-energetika hamkorligi va ekologik xavfsizlikni qamrab oluvchi kompleks tushuncha sifatida ko‘radigan makonni yaratish haqida bormoqda.
Davlat tashrifi mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlari kun tartibining tubdan o‘zgargani alohida eʼtiborga molik.
Bundan bir necha yil avval asosiy eʼtibor davlat chegarasi bilan bog‘liq yillar davomida to‘planib qolgan masalalarni tartibga solishga qaratilgan edi.
Bugungi kunda esa ustuvor yo‘nalishlar mutlaqo boshqacha. Davlat rahbarlari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, savdo hajmini oshirish, yirik investitsiya loyihalarini ishga tushirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bunday o‘zgarish ikki davlat rahbari o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonch tufayli mumkin bo‘ldi.
Munosabatlarning yangi maqomi allaqachon aniq iqtisodiy mazmun bilan boyitildi. Muzokaralar yakunida o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazish, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish, barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish hamda ikki mamlakat kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga chiqish yo‘lidagi saʼy-harakatlar davom ettirilishi tasdiqlandi.
Ushbu kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida 2026–2027-yillarda agrosanoat majmuasi sohasida amalga oshiriladigan amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Uning amalga oshirilishi qo‘shma agrosanoat qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar eksportini oshirish va ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligini yuksaltirish imkonini berishi kutilmoqda.
Agrosanoat majmuasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirish yetkazib berish barqarorligini oshirish, qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish va ikki davlatning agrar salohiyatidan yana-da samarali foydalanish hisobiga O‘zbekiston va Qirg‘iziston oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham hissa qo‘shishi muhimdir.
Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirishga kelishib oldi. Bu qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini mintaqaning geosiyosiy mavqeini o‘zgartiradigan «asr qurilishi» deb atadi. Mazkur loyihaning ahamiyati yangi tranzit yo‘nalishini yaratish doirasidan ancha kengdir.
Tomonlar temir yo‘l bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport tartib-taomillariga raqamli yechimlarni faol joriy etish, avtomobil transportida yuk tashuvchilar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga kelishib oldilar. Bu magistral atrofida transport, omborxona, sanoat va savdo infratuzilmasini birlashtiruvchi to‘laqonli ishlab chiqarish-logistika markazini shakllantirish imkonini beradi.
Chegaraoldi hududlarini rivojlantirish ham qo‘shimcha surʼat oladi. O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegarasidagi o‘tkazish punktlari sonini ko‘paytirish, ularning infratuzilmasini takomillashtirish hamda ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro asosda bo‘lib turish qoidalarini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur qarorlar chegaraoldi savdosining o‘sishi, turizmning rivojlanishi, ishbilarmonlik aloqalarining kengayishi va hududlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Mohiyatan, chegara ajratib turuvchi chiziqdan faol iqtisodiy va gumanitar hamkorlik makoniga aylanmoqda. 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi chora-tadbirlar rejasi va turizm sohasidagi qo‘shma harakatlar rejasining amalga oshirilishi ushbu jarayonning muhim davomi bo‘ladi. Mazkur hujjatlar madaniy almashinuvlarni kengaytirish, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda allaqachon rekord ko‘rsatkichlarni namoyon etayotgan sayyohlik oqimlarini yana-da oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Shu nuqtayi nazardan, Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi alohida ahamiyatga ega. Ushbu hujjat ikki davlatning nozik masalalar bo‘yicha muloqot va bir-birining manfaatlarini hisobga olish orqali o‘zaro maqbul yechimlar topishga qodir ekanining yana bir misoli bo‘ldi. Bunday kelishuvlar ishonch muhitini mustahkamlaydi hamda chegaraoldi hududlaridagi resurslarni birgalikda boshqarishning amaliy mexanizmlarini yaratadi.
O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonning oliy davlat mukofoti – I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlanishi ham o‘zaro ishonchning yuksak darajasini namoyon etdi. Bu uning O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik siyosatini ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasining eʼtirofi bo‘ldi.
Pirovardida, tashrifning ahamiyati imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki ikki mamlakat munosabatlarining yangi sifat darajasi mustahkamlangani bilan belgilanadi. Ittifoqchilik O‘zbekiston va Qirg‘izistonning yana-da yaqinlashuvi uchun uzoq muddatli asos yaratib, iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ayni paytda munosabatlarning yangi formati butun Markaziy Osiyo doirasida yana-da faol hamkorlik qilish uchun sharoit yaratmoqda. O‘zbekistonning Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ittifoqchilik aloqalari shakllanib borayotgan bir sharoitda ishonch, o‘zaro manfaat va mintaqa imkoniyatlaridan birgalikda foydalanishga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi modeli mustahkamlanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston–Qirg‘iziston ittifoqchiligi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning muhim bosqichi, balki yana-da barqaror, o‘zaro bog‘langan va iqtisodiy jihatdan kuchli Markaziy Osiyoni shakllantirishga qo‘shilgan hissa hamdir.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi