Toshkent islom instituti o‘qituvchilari Al-Azhar universitetida malaka oshirdilar

Iyul 31, 2026. 18:00 • 2 daq

76
Toshkent islom instituti o‘qituvchilari Al-Azhar universitetida malaka oshirdilar

QOHIRA, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar taʼlimini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.

Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini taʼkidladi.

Tadbir davomida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.

O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish