Logo

“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda elektromobillar asbob-uskunalari bojxona bojidan ozod qilinadi

Yanvar 06, 2026. 17:59 • 2 daq

144
“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda elektromobillar asbob-uskunalari bojxona bojidan ozod qilinadi

ISLOMOBOD, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” nashrida “O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyot va chiqindilarni boshqarish sektorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni joriy etmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri

Unda O‘zbekiston barqaror rivojlanish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli maqsadlariga muvofiq holda, “yashil iqtisodiyot”ni mustahkamlash va chiqindilarni boshqarish sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar majmuasini qabul qilgani haqida maʼlum qilingan.

“2025-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Prezidentining “Aholining alohida turdagi isteʼmol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli taʼminlashga hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yana-da qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarni rag‘batlantirish, “yashil” iqtisodiyot va chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan”, – deyilgan maqolada.

Farmonga ko‘ra, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar, pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Pokiston OAVning yozishicha, alohida va uzoq muddatli chora-tadbirlar paketi 2031-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Hujjatda, shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvargacha “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi va belgilangan barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun mazkur faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanishi qayd etilgan.

Mazkur soliq imtiyozlarini qo‘llash muayyan shartlarga bog‘liq. Xususan, hisobot soliq davrida korxona umumiy daromadining kamida 90 foizi chiqindilarni yig‘ish, tashish, saralash va qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatdan olinishi lozim. Har bir xodimga to‘lanadigan oylik ish haqi eng kam ish haqining kamida ikki baravariga teng bo‘lishi shart.

“Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, chiqindilarni boshqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish hamda iqtisodiyotning ijtimoiy va ekologik ahamiyatga ega sohalarida faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun mustahkam iqtisodiy rag‘batlar yaratishi kutilmoqda”, – deb yozilgan “The Gulf Observer” gazetasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish