Xitoy nashri O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha islohotlarini yuqori baholadi
Iyul 03, 2026. 12:30 • 2 daq
• 101
PEKIN, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Xitoyning yetakchi “Diplomat” nashrida O‘zbekistonda gender tenglik yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, ayollarning ijtimoiy hayotda to‘liq ishtirokini taʼminlash, ularni turli tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining yuksak siyosiy irodasi va tashabbuslari tufayli gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish va oilani mustahkamlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangani taʼkidlangan. Bu borada qabul qilingan dastur va strategiyalar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda.
Xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotidagi ishtiroki kun sayin ortib bormoqda. Bugungi kunda ular davlat boshqaruvi organlari, parlament, mahalliy kengashlar, tadbirkorlik va ilmiy faoliyatda faol ishtirok etmoqda. Xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida xotin-qizlarga zarur shart-sharoit va imkoniyat yaratish borasida xalqaro standartlarga mos keladigan milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi. Xususan, so‘nggi sakkiz yilda 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekiston gender siyosatini amalga oshirishda BMT, YXHT, YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Ushbu hamkorlik ayollar manfaatlarini himoya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va ularga mamlakatda o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Materialda qayd etilishicha, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish va o‘z biznesini rivojlantirishini qo‘llab-quvvatlash ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi