Rossiya OAV: O‘zbekiston xorijiy texnologik kompaniyalar uchun eng xavfsiz va qulay makon sifatida ko‘rilmoqda
Iyul 03, 2026. 10:30 • 2 daq
• 188
MOSKVA, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning ommabop “Komsomolskaya pravda” gazetasida “O‘zbekiston texnologik biznes uchun operatsion xab sifatida: raqamlar, sharoitlar va u nima uchun samarali ishlamoqda?” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada bugungi kunda nima sababdan 1000 dan ortiq yirik texnologik kompaniyalar o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun aynan O‘zbekistonni tanlayotgani atroflicha tahlil qilingan.
Nashrda yozilishicha, operatsion ofisni boshqa mamlakatga ko‘chirish har doim maʼlum darajada xavotir, yangi yurisdiksiya, notanish qoidalar va jarayonlar ustidan nazoratni yo‘qotish qo‘rquvi bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq O‘zbekiston bu boradagi aksariyat muammoli masalalarni tizimli ravishda hal etib kelmoqda.
Xususan, maqolada MDH davlatlaridan IT-biznesni O‘zbekistonga ko‘chirishning o‘ziga xos afzalliklari, “IT Park”ning rivojlangan infratuzilmasi, “yagona oyna” tizimi orqali tadbirkorlik yuritishning soddaligi va xorijdan ko‘chib kelayotgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Softlanding” maxsus dasturi yuqori baholangan. Natijada O‘zbekiston maʼmuriy to‘siqlar va xavf-xatarlarni minimallashtiruvchi eng qulay yurisdiksiya sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shuningdek, “IT Park” tomonidan taqdim etilayotgan “Zero Risk” dasturi kompaniyalarga tayyor infratuzilma va xodimlar xarajatlarini qoplab berish orqali biznesni tezkor yo‘lga qo‘yish imkonini berayotgani qayd etilgan. Eslatib o‘tilganidek, markaz rezidentlari uchun foyda solig‘i, QQS va ijtimoiy soliqlar 0 foiz etib belgilangan, soha mutaxassislari va investorlar esa 3 yillik maxsus “IT-viza” rasmiylashtirishlari mumkin.
Eʼtiborli jihati shundaki, ushbu viza egalari mamlakat fuqarolari bilan teng ravishda tibbiy xizmat va taʼlim olish, shuningdek, hech qanday cheklovlarsiz ko‘chmas mulk sotib olish huquqiga ega.
Maqola yakunida xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekistonga ko‘chish nafaqat operatsion ofisni ko‘chirish, balki biznesni xalqaro darajada rivojlantirish va global bozorlarga chiqish uchun eng qulay hamda strategik maydonga aylanib borayotgani alohida taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi