“Global Korea Post”: O‘zbekistonning TDT sammitidagi tashabbuslari amaliy ahamiyatga ega

May 21, 2026. 18:25 • 2 daq

60
“Global Korea Post”: O‘zbekistonning TDT sammitidagi tashabbuslari amaliy ahamiyatga ega

SEUL, 21-may. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Global Korea Post” jurnali O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Neʼmatovning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti yakunlari bo‘yicha “Dunyo” AA uchun bergan intervyusini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi va TDT sammitidagi ishtiroki turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojidagi sifat jihatidan yangi bosqichni hamda Yevroosiyo hamkorligining shakllanayotgan arxitekturasida Markaziy Osiyoning o‘rni ortib borayotganini aks ettirishi qayd etilgan.

“Bugungi kunda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro bog‘liqlik, pragmatizm va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun umumiy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan o‘z kun tartibiga ega bo‘lgan xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti sifatida tobora mustahkamlanib bormoqda”, - deya qo‘shimcha qilgan ekspert.

Shuningdek, maqolada O‘zbekiston texnologik, transport, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan juda keng qamrovli va ayni paytda pragmatik kun tartibini ilgari surgani haqida so‘z yuritiladi.

Akromjon Neʼmatovning taʼkidlashicha, O‘zbekiston Prezidentining nutqida raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, logistikani rivojlantirish, iqlim xavfsizligi va kibermustahkamlik kabi istiqbolli yo‘nalishlarga ham eʼtibor qaratilgan.

Nashrda, shuningdek, iqlim kun tartibining dolzarbligi alohida taʼkidlanib, bugungi kunda bu masala iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlik bilan bevosita bog‘liqligi qayd etilgan. Suv resurslari tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va ekstremal ob-havo hodisalari kabi muammolar energetika, qishloq xo‘jaligi, transport hamda migratsiya jarayonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatayotgani urg‘ulangan. Shu munosabat bilan sammitda O‘zbekistonning iqlim xatarlarini monitoring qilish mexanizmlarini yaratish va 2027-yilni Tabiatni muhofaza qilish yili deb eʼlon qilish borasidagi tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish