O‘zbekiston Prezidenti YXHT bosh kotibini qabul qildi
May 21, 2026. 19:18 • 2 daq
• 36
TOSHKENT, 21-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘luni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda YXHT bilan iqtisodiy-ekologik, siyosiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq va konstruktiv muloqot yuksak darajaga chiqqani, O‘zbekistonning YXHT va uning tizimidagi institutlar bilan hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistonga tashriflarni muntazam amalga oshirmoqda, YXHT DIIHB missiyalari mamlakatimizda saylov jarayonlarini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda.
Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning natijalari alohida qayd etildi.
Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “yashil” kun tartibini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligini taʼkidladilar.
Hamkorlik bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni tayyorlab, O‘zbekistonda va YXHT doirasida bir qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




