Misr OAV Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik jarayonini keng yoritmoqda

Aprel 16, 2026. 11:50 • 2 daq

241
Misr OAV Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik jarayonini keng yoritmoqda

QOHIRA, 21-may. /“Dunyo” AA/. Shu yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi Misrning yetakchi ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘lmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Misrning “MENA”, “Al-Davlat Nyus”, “Sada al-Balad”, “Al-Diplomasi”, “Al-Yaum As-Sabiʼ”, “Le Progrès Egyptien” kabi nufuzli nashrlari o‘z sahifalarida mazkur forumning ahamiyatiga bag‘ishlangan turkum tahliliy materiallarni eʼlon qildi.

Nashrlarda qayd etilishicha, bu yilgi anjumanning asosiy mavzusi investitsiyalar barqarorligini taʼminlash va hamkorlikning yangi strategik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanadi.

Misr matbuoti mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston iqtisodiyotining izchil va barqaror o‘sishi sharoitida o‘tayotganiga alohida eʼtibor qaratgan. Materiallarda taʼkidlanishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshgan. “Fitch Ratings” va “S&P Global” kabi xalqaro reyting agentliklari mamlakatning suveren reytingini “BB” darajasiga ko‘targan.

Maqolalarda forumning muhim voqealaridan biri sifatida 2026-yil mart oyida tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi taqdimoti haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu markaz investorlar uchun alohida huquqiy rejim, mustaqil tartibga solish tizimi va uzoq muddatli soliq imtiyozlarini taklif etishi bilan xorijiy sheriklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shuningdek, Misr nashrlari forum dasturi doirasida moliya bozorlari, transport koridorlari va “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi haqida yozgan. O‘zbekistonning 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish maqsadi mamlakatning investorlar uchun istiqbolli bozor ekanini ko‘rsatadi.

Yubiley forum doirasida xalqaro delegatsiyalar ishtirokida ikki tomonlama biznes-uchrashuvlar hamda mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish