“Global Korea Post”: O‘zbekiston–Gruziya hamkorligi mintaqalarni bog‘lovchi muhim ko‘prik

Iyul 02, 2026. 09:15 • 2 daq

135
“Global Korea Post”: O‘zbekiston–Gruziya hamkorligi mintaqalarni bog‘lovchi muhim ko‘prik

SEUL, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Global Korea Post” nashrida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi, xususan, O‘zbekiston va Gruziyaning o‘zaro hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ikki strategik mintaqa — Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi iqtisodiy, transport-logistika hamda siyosiy munosabatlarni mustahkamlashda Toshkent va Tbilisi o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarning ahamiyati atroflicha tahlil qilingan.

Nashrning yozishicha, O‘zbekiston va Gruziya o‘z mintaqalarida muhim geoiqtisodiy mavqega ega bo‘lib, ular o‘rtasidagi hamkorlik yangi xalqaro transport yo‘laklarini, xususan, Transkaspiy xalqaro transport marshrutini (O‘rta yo‘lak) rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Osiyo va Yevropa bozorlarini o‘zaro bog‘laydigan eng qisqa hamda xavfsiz zanjirni yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, maqolada so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar doirasida olib borilayotgan faol muloqotlar alohida eʼtirof etilgan. Tomonlar nafaqat transport, balki qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati va turizm sohalarida ham qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun ulkan salohiyatga ega ekani qayd etilgan.

Material yakunida Janubiy Koreya ekspertlarining xulosalariga tayanib, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stona hamda amaliy hamkorlik aloqalarining chuqurlashishi nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki keng maʼnoda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarida barqarorlik, xavfsizlik hamda iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish