O‘zbekiston va BAA agroinnovatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida sheriklikni muhokama qildi

Iyul 02, 2026. 12:30 • 2 daq

2
O‘zbekiston va BAA agroinnovatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida sheriklikni muhokama qildi

ABU-DABI, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari va BAAning yetakchi “Bustanica” kompaniyasi ijrochi direktori Janet Kristensen bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida zamonaviy agrotexnologiyalar, vertikal fermerlikni rivojlantirish, global oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion va raqamli yechimlarni keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida tomonlar vertikal fermerlik texnologiyalarining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida yil davomida barqaror mahsulot yetishtirishdagi yuqori ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, mazkur ilg‘or yo‘nalishda jahon tajribasini chuqur o‘rganish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda agro-mutaxassislar o‘rtasida doimiy tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘z navbatida, Janet Kristensen “Bustanica” kompaniyasining zamonaviy faoliyati, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tizimi hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan innovatsion yondashuvlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur kompaniya dunyodagi eng yirik yopiq vertikal fermalardan birini boshqaradi. Korxonada ilg‘or gidroponika texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib, bu anʼanaviy dehqonchilikka nisbatan suv sarfini 95 foizgacha tejash hamda yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar agroinnovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohalarida o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida qo‘shma amaliy dasturlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish