BAA va O‘zbekiston o‘rtasida logistika sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi
Iyun 26, 2026. 11:00 • 2 daq
• 88
ABU-DABI, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning BAAdagi elchixonasi vakillari jahondagi yetakchi logistika operatorlaridan biri bo‘lgan “DP World” kompaniyasi raisi Essa Kazim bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va “DP World” o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, kompaniya tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan multimodal logistika markazini tashkil etish loyihasining joriy holati, uni amalga oshirish bosqichlari va kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mazkur loyihaning O‘zbekiston transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro transport yo‘laklari bilan integratsiyalashuv darajasini oshirish hamda mamlakatning mintaqaviy logistika xabi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shuningdek, loyihaning tashqi savdo operatsiyalarini soddalashtirish, yuklarni qayta ishlash va tashish samaradorligini oshirish, eksport-import jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifatda amalga oshirish, shuningdek, transport va logistika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi