JCH-2026: Mundialdagi O‘zbekiston o‘yinlari xorijdagi vatandoshlarni birlashtirmoqda
Iyun 26, 2026. 13:00 • 2 daq
•TOSHKENT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan futbol bo‘yicha FIFA-2026 Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlarini birgalikda tomosha qilish tadbirlari tashkil etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Berlinda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Germaniya jamoatchiligi, ishbilarmon doiralar, hamkor tashkilotlar, OAV vakillari va vatandoshlar ishtirokida o‘yinning jamoaviy tomoshasi uyushtirildi.
Translyatsiya boshlanishidan avval mehmonlarga “O‘zbek futboli: orzu, sabr va g‘urur tarixi” nomli hujjatli film namoyish etildi. Milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu kabi tadbirlar o‘zbek diasporasi ko‘magida Germaniyaning Gamburg, Gannover va boshqa qator shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar terma jamoaning dunyo birinchiligidagi ishtiroki tarixiy ahamiyatga ega ekanini hamda bunday uchrashuvlar vatandoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini alohida qayd etdi.
Pragada elchixona va “Chexiyadagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi” hamkorligida “Samarkand” restoranida o‘yinning jamoaviy tomoshasi tashkil etildi. Unda vatandoshlar, talabalar va xorijiy davlatlar vakillari jam bo‘ldi.
Tadbir davomida turli viktorinalar o‘tkazilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari va milliy terma jamoa atributikalari topshirildi. Ushbu uchrashuv o‘zbek yoshlarini jipslashtirish, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirish va xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Minskda ham elchixona va O‘zbekiston yoshlar uyushmasi hamkorligida Belarus oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun jamoaviy namoyish tashkil etildi.
Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan tadbir davomida ishtirokchilar milliy terma jamoamizni faol qo‘llab-quvvatladilar. Bu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasida muloqot va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, yoshlar orasida O‘zbekiston milliy anʼanalari va madaniyatini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



