«PAP» AA: O‘zbekistonning turizm kompaniyalari AQSh kapital bozoriga chiqmoqda
Oktabr 20, 2026. 15:00 • 2 daq
• 184
VARSHAVA, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “PAP” axborot agentligida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Agentlikning ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning “TEG SPV LLC” mehmonxona va turizm guruhi AQSHning “StageWise Strategies Corp.” kompaniyasi bilan birlashish bitimini muvaffaqiyatli yakunladi. Natijada “TEG Overseas, Inc.” nomi ostida faoliyat yuritadigan yangi ommaviy kompaniya tashkil etildi. Uning aksiyalari AQShning “OTC Markets” bozorida savdoga qo‘yiladi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston kompaniyasining AQSh kapital bozoriga chiqishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu “TEG” uchun xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, biznes ko‘lamini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshiradi.
“TEG” O‘zbekistondagi qator yirik mehmonxona va tadbirlar obyektlarini boshqaradi. Ular qatoriga “Hilton Tashkent City”, “Wyndham Bukhara” mehmonxonalari hamda Markaziy Osiyodagi yirik ko‘rgazma va kongress majmualaridan biri bo‘lgan “CAEx” kiradi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, “TEG” portfelining 2025-yildagi daromadi 42,9 million dollarni, sof foydasi esa 14,4 million dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar 2024-yilga nisbatan mos ravishda 22 va 215 foizga oshgan.
“TEG” rahbariyati kompaniyaning AQSh bozoriga chiqishini O‘zbekistonda turizm va biznes tadbirlari sohasining jadal rivojlanishi bilan izohlamoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatga qariyb 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu avvalgi yilga nisbatan qariyb 47 foiz ko‘pdir.
“TEG” Markaziy Osiyodagi yirik xususiy biznes tuzilmalaridan biri bo‘lgan “AKFA Group” tarkibiga kiradi. Guruhning xalqaro hamkorlik, qurilish va investitsiya loyihalaridagi tajribasi “TEG” faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Kompaniyaning AQSh fond bozoriga chiqishi O‘zbekiston turizm sohasiga xalqaro investorlar e’tiborini kuchaytirish hamda mamlakatning mintaqaviy turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi