Logo

“Independent Türkçe” gazetasi: Turkiya–O‘zbekiston bir-birini to‘ldiruvchi birodar davlatlar sifatida namoyon bo‘lmoqda

Fevral 03, 2026. 16:16 • 3 daq

67
“Independent Türkçe” gazetasi: Turkiya–O‘zbekiston bir-birini to‘ldiruvchi birodar davlatlar sifatida namoyon bo‘lmoqda

ANQARA, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. “Independent Türkçe” gazetasida Turkiya Iqtisodiyot va texnologiya universiteti dotsenti, doktor Ali O‘g‘uz Dirio‘zning Turkiya–O‘zbekiston hamkorligi bo‘yicha maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyodan tashqarida faol mintaqaviy ishtirokchiga aylanib bormoqda. Mamlakat mintaqaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalarga ustuvor ahamiyat bermoqda, savdo yo‘laklari va ko‘p qirrali sheriklikka sarmoya kiritmoqda.

“O‘zbekiston geografik jihatdan noyob, yaʼni dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat. Shu bilan birga, uning chegaradoshlari ham dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar. Klassik geosiyosiy yondashuvlarda bu ko‘pincha strukturaviy kamchilik deb hisoblanadi. Biroq, asosiy mamlakat va markazda joylashgani jihatidan, yaʼni Osiyo va Ipak yo‘lining qoq o‘rtasida ekani nuqtai nazaridan, O‘zbekistonning mavqei maʼlum afzalliklarni taqdim etadi”, deya taʼkidlagan muallif.

Gazetada qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonda inson resurslari va taʼlim sohalariga ham katta investitsiya kiritilmoqda.

“2020-yildan beri men Turkiya Iqtisodiyot va texnologiya universitetining Tashkentdagi filialida dars beraman. Turli oraliqlar bilan maʼruza va seminarlar uchun O‘zbekistonga borib kelaman. Kuzatuvlarimga tayanib ayta olamanki, hozirga kelib Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning klassik doirasidan o‘tib ketdi. Ikki mamlakat yangi Ipak yo‘li va Yevroosiyo savdo koridorlari yuzasidan bir-birini to‘ldiruvchi birodar davlatlar sifatida namoyon bo‘lmoqda”, deydi Ali O‘g‘uz Dirio‘z.

Turkiyaning Yevropa bozorlariga kirish eshigi sifatidagi roli va O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish, aholi va salohiyat nuqtai nazaridan markaziy roli bu sheriklikni yanada mustahkamlamoqda.

O‘z navbatida, ikki tomonlama munosabatlar va hamjihatlikdan tashqari, Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) doirasidagi ko‘p tomonlama birdamlik ham alohida ahamiyatga ega. Tashkilot tarkibidagi yirik iqtisodiyot va eng aholisi ko‘p davlatlar sifatida Turkiya va O‘zbekiston mazkur xalqaro tuzilmaning kelajakdagi yo‘nalishini belgilaydigan asosiy ishtirokchilar qatoriga kiradi. Anqara va Toshkent o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan hamkorlik TDTning shunchaki ramziy platforma bo‘lishdan chiqib, aniq siyosiy yondashuvlar, savdo va standartlarni ishlab chiqarishga qodir tuzilmaga aylanishiga hissa qo‘shadi.

Albatta, hamkorlik faqat Anqara va Toshkent bilan cheklanib qolmay, Budapesht, Boku, Ostona va Bishkek kabi boshqa TDTning boshqa ishtirokchilari bilan birdamlik va birodarlikni izchil mustahkamlash ham alohida ahamiyatga ega.

Tez-tez tilga olinayotgan “O‘rta koridor konsepsiyasi”ni ham shu nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish kerak. “O‘rta yo‘lak” shunchaki Xitoydan Yevropaga cho‘zilgan logistika va savdo yo‘li bo‘lib qolmay, Turkiya bilan Kavkaz va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va strategik aloqalarni tiklaydigan “birodarlik ko‘prigi” vazifasini bajaradi. Bu ko‘prik nafaqat tovarlar va kapital, balki inson resurslari, bilim, hamjihatlik va umumiy normalar aylanishini ham osonlashtiradi.

Bugungi kunda Turkiya–O‘zbekiston munosabatlari ko‘pincha energetika, oltin, paxta, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va sanoat tovarlari nuqtai nazaridan muhokama qilinadi. Albatta, bu sohalar muhim va ikki mamlakat o‘rtasida sezilarli iqtisodiy salohiyat mavjud. Erishilgan kelishuvlar ham ushbu sohalarning barchasida kelajakka umid baxsh etadi va birgalikda boriladigan yo‘llarni belgilab beradi. O‘z navbatida, chinakam uzoq muddatli va o‘zgaruvchan hamkorlik savdodan tashqari, bilim va inson kapitaliga asoslangan sohalarda ham shakllanadi.

Shu nuqtai nazardan, universitetlararo hamkorlik, qo‘shma diplomlar va almashinuv dasturlari, o‘zaro tan olingan professional malakalar va uyg‘unlashtirilgan texnik standartlar Turkiya–O‘zbekiston hamkorligi kelajagining asosini tashkil qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish