Britaniya OAV: O‘zbekistondagi AES loyihasi mamlakat energetika sohasida yangi imkoniyatlar ochadi
Iyul 08, 2026. 11:30 • 2 daq
• 125
LONDON, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning nufuzli “World Nuclear News” portalida O‘zbekistonda qurilayotgan AES loyihasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) ekspertlari Jizzaxda qurilayotgan ilk AES loyihasini yuqori baholagan. O‘zbekiston 2021-yilda belgilangan tavsiyalarni bajarish va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha katta yutuqqa erishganini eʼtirof etgan.
XAEA vakili Jon Xaddad O‘zbekiston kichik modulli reaktorlar qurayotgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri ekani va ushbu noyob tajribani butun global yadroviy energetika hamjamiyati katta qiziqish bilan kuzatayotganini alohida taʼkidlagan.
Maqolada loyihaning texnik imkoniyati va quvvati sezilarli darajada oshganiga alohida eʼtibor qaratilgan. Dastlab, AES loyihasi faqatgina 330 MVtli kichik reaktorlardan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq, 2025-yildagi qo‘shimcha kelishuvga asosan uning konfiguratsiyasi o‘zgartirilib, stansiya 2 ta yuqori quvvatli VVER-1000 (gigavattli) va 2 ta kichik RITM-200N reaktorlari bilan jihozlanadigan bo‘ldi. Bu loyihaning umumiy quvvatini 2100 MVtdan oshirib, mamlakat energetika tizimi barqarorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Portal qurilish maydonidagi bunyodkorlik ishlariga to‘xtalar ekan, o‘tgan yili boshlangan yirik hajmdagi ishlardan so‘ng, joriy yil iyun oyida ilk KMR poydevor plitasiga dastlabki beton quyilganini qayd etgan.
Maqolada O‘zbekistonning atom sohasidagi mustahkam poydevori haqida ham so‘z yuritilgan. Xususan, O‘zbekiston uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda turishi va Toshkentdagi Yadro fizikasi institutida 1959-yildan buyon 10 MVtli VVR-SM tadqiqot reaktori muvaffaqiyatli ishlab kelayotgani alohida qayd etilgan.
“O‘zatom” agentligi rahbariyati ushbu XAEA missiyasini milliy infratuzilmani xolis baholash va keyingi amaliy qadamlarni belgilashdagi muhim vosita sifatida eʼtirof etgan. Mazkur yirik loyihaning ilk energiya blokini 2029-yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi