Misr matbuoti I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini keng yoritmoqda

Iyul 07, 2026. 17:00 • 2 daq

160
Misr matbuoti I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini keng yoritmoqda

QOHIRA, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Jumhuriya” gazetasida yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning yozishicha, 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan mazkur forum “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Nufuzli anjumanda turli mamlakatlardan taniqli olimlar, mutafakkirlar va diniy ulamolar ishtirok etmoqda.

Forumda Misrning nufuzli idoralari vakillari ham qatnashmoqda. Delegatsiya tarkibidan Madaniyat, Vaqf ishlari va Oliy taʼlim vazirlari, Respublika muftiysi, Al-Azhar rahbariyati hamda diniy taʼlim, fatvo va xalqaro aloqalar yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar o‘rin olgan.

O‘zbekiston elchisi Mansurbek Kilichev nashrga bergan intervyusida taʼkidlashicha, ushbu forum intellektual, ilmiy va madaniy sohalarda islomiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Elchining fikricha, Misr diniy muassasalarining boy tajribasi, xususan, “Al-Azhar ash-Sharif” va Misr Dorul Iftosining ishtiroki ekstremizmga qarshi kurashish borasida anjuman qatnashchilarida katta taassurot uyg‘otadi.

Qayd etilishicha, forum doirasida islomiy merosni saqlash, diniy taʼlimni rivojlantirish va tinchlik madaniyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Ikki tomonlama uchrashuvlarda imomlar va tadqiqotchilarni tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Maqola yakunida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mintaqadagi yirik xalqaro ilmiy-maʼrifiy maydonlardan biriga aylanishi, gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, tinchlik, ilm-fan, maʼrifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishi qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish