Iordaniya OAV: Ammon va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Iyul 08, 2026. 13:00 • 3 daq

82
Iordaniya OAV: Ammon va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Iordaniya OAV: Ammon va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Iordaniya OAV: Ammon va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

AMMON, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning yetakchi “Jordan Times” gazetasi va “Petra” axborot agentligi tomonidan Iordaniya Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Ayman as-Safadining O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan keng qamrovli maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda qayd etilishicha, oliy darajadagi muloqotlar doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya tashqi siyosat mahkamasi rahbarini qabul qilgan. Muzokaralarda ikki davlat rahbarlarining 2025-yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, Ammon va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki xalqni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qilishi alohida eʼtirof etilgan.

Iordaniya matbuoti vazir Ayman as-Safadi va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘rtasida o‘tkazilgan alohida kengaytirilgan muzokaralar tafsilotlariga ham keng o‘rin ajratgan. Vazirlar oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ni ko‘rib chiqdilar. Maqolalarda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yakuniga qadar Iordaniyaga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tomonlar 20 ga yaqin muhim ikki tomonlama hujjatlar paketni imzolashga shaylamoqdalar.

Arab dunyosining bosh nashrlari ikki mamlakat o‘rtasida viza talablarining o‘zaro bekor qilinishi to‘g‘risidagi bitim, Iordaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashini tuzish haqidagi kelishuv hamda yaqin orada tashkil etiladigan birinchi qo‘shma biznes-forum iqtisodiy aloqalarni tubdan faollashtirishini bayon etgan.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi xususida so‘z borganda, tomonlar Yaqin Sharqda barqarorlikni tiklash, G‘azo sektoriga gumanitar yordamlarni uzluksiz yetkazish zarurligini qayd etib, Falastin muammosini ikki mustaqil davlat tamoyili asosida adolatli hal etish zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.

Nashrlar yuqori martabali mehmonning Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani, ushbu majmua O‘zbekistonning boy madaniy va maʼnaviy merosini namoyish etuvchi dunyodagi eng yetakchi markazlardan biri ekanligiga guvoh bo‘lganini alohida qayd etgan.

Shuningdek, maqolalarda joriy yilning 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi muftiysi, doktor Ahmad al-Hasanat ishtirok haqida ham qayd etilgan.

Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan taniqli olimlar, mutafakkirlar va diniy arboblarni jamlagan ushbu nufuzli anjuman islom sivilizatsiyasining insonparvarlik qadriyatlarini keng targ‘ib qilish, madaniy merosni asrash va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan. Forum dasturidan qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va islom ilm-fanlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiyalar o‘rin olgan bo‘lib, unda, ayniqsa, Imom al-Moturidiyning kalom maktabi, Imom al-Buxoriy merosi hamda Termiz hadisshunoslik maktabi faoliyatini chuqur o‘rganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish