“Kommersantʼ Weekend”: Toshkentdagi 1912-yilda qurilgan tarixiy binoda Zamonaviy sanʼat markazi ish boshladi
Sentabr 12, 2026. 10:00 • 2 daq
• 108
MOSKVA, 12-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Kommersantʼ Weekend” jurnalida Toshkentda ochilgan Zamonaviy sanʼat markazi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, bu O‘zbekistondagi birinchi davlat zamonaviy sanʼat markazi va Markaziy Osiyodagi ko‘rgazma, taʼlim, tadqiqot hamda maʼrifiy faoliyatni birlashtirgan yirik muassasalardan biri sanaladi.
Markaz meʼmor Vilgelm Geynselman loyihasi bo‘yicha 1912-yilda barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi, keyinchalik esa shaharning birinchi tramvay tarmog‘ini energiya bilan taʼminlagan dizel elektrostansiyasi faoliyat yuritgan. Binoni restavratsiya qilish ishlari Fransiyaning “Studio KO” meʼmorlik byurosi tomonidan amalga oshirildi.
Jurnal loyihaning xalqaro hamkorlik ko‘lamiga alohida eʼtibor qaratgan. Markaz hamkorlari orasida Guggenxaym muzeyi, Teyt Modern, Pompidu markazi, “Delfina Foundation”, AQSH Milliy Osiyo sanʼati muzeyi hamda Koreya sanʼat kengashi bor.
Majmua hududida kutubxona va tadqiqot markazi ham faoliyat yuritmoqda. Tashkilotchilarning fikricha, ushbu maydon O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning rassomlari, kuratorlari, tadqiqotchilari hamda yoshlari o‘rtasidagi muloqot maskaniga aylanadi.
2027-yilda markazda Zelfira Tregulova rahbarligida Ilya va Emiliya Kabakovlarning ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi