Germaniya shaharlarida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlandi
Sentabr 12, 2026. 09:10 • 2 daq
• 58MAYNS-FYURT, 12-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Germaniyaning Mayns va Fyurt shaharlarida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar Mayns shahridagi “Do‘ppi” o‘zbek-nemis madaniy jamiyati hamda Fyurt shahridagi “Umid” o‘zbek madaniyati va do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirlarda Germaniyaning turli shaharlaridan 700 nafardan ortiq vatandoshlar, mahalliy hokimiyat vakillari hamda turli millat vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bosh konsuli Miranshoh Raupov tadbir ishtirokchilarini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabrikladi. U vatandoshlarning Vatanimiz bilan madaniy aloqalarini saqlab qolish muhimligini taʼkidladi.
Fyurt shahri meri Tomas Yung ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, O‘zbekiston fuqarolariga farovonlik, muvaffaqiyat va tinchlik tiladi. Uning tadbirda ishtirok etishi shahar maʼmuriyati va o‘zbek jamoatchiligi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning ifodasi bo‘ldi.
Bayram tadbirlari doirasida vatandoshlar farzandlarining chiqishlari, milliy buyumlar va anʼanaviy amaliy sanʼat ko‘rgazmasi, shaxmat chempionati, sport musobaqalari hamda milliy o‘yinlar tashkil etildi.
Tadbirlar o‘zbek xalq qo‘shiqlari va maqom sanʼati anʼanalari asosidagi musiqiy asarlar ijro etilgan konsert dasturi hamda milliy taomlar taqdimoti bilan yakunlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

