Misr OAV: O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan maqolalari maʼnaviy yangilanish va Nabaviy sunnatga ergashishga chorlamoqda
Sentabr 11, 2026. 16:50 • 2 daq
• 66
QOHIRA, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston muftiysi, shayx Nuriddin Xoliqnazarning Muhammad alayhissalom tavallud topgan muqaddas Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan turkum maqolalari chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Misrning “Al Gomhuria” nashri sahifalarida Rabiul avval oyi musulmonlar qalbida alohida o‘rin tutishi va Ummaning Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli bu oy anʼanaviy ravishda “Mavlid oyi” deb atalishi haqidagi fikrlar keng yoritilgan. Materialda Muftiyning ushbu davrni yangi maʼnaviy ko‘tarinkilik bilan kutib olish, uni “Nabaviy siyrat oyi” va “Ibratli ummat oyi”ga aylantirish, ibodat, axloq va madaniyat masalalarida Payg‘ambarimiz o‘gitlarini amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan daʼvati alohida taʼkidlangan.
“Ya7dosal2an” nashri ham Islom eʼtiqodining ajralmas qismi va chin imonning asosiy sharti bo‘lgan Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat sabablari haqidagi metodologik masalani qayd etgan. Maqolada sahobalarning sadoqatiga oid tarixiy misollar va guvohliklar keltirilgan.
“Aldawlanews” resursida Islomni amaliy tushunishning oliy manbai sifatida Nabaviy siyratni o‘rganishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda shunchaki sanalarni yodlash o‘rniga har bir tarixiy voqeadan sabr, adolat va rahmat kabi hayotiy saboqlarni chiqarish zarurligi urg‘ulangan.
“Al Diplomacy” nashri esa Payg‘ambarimizga bo‘lgan chin muhabbatning uch asosiy belgisiga — siyrat haqida tafakkur qilish, sunnatga so‘zsiz ergashish va ruhlar shifosi hamda jamiyatda axloqni mustahkamlashning maʼnaviy asosi bo‘lgan ko‘p salavot aytishga eʼtibor qaratdi.
“Sada El Balad” rasmiy resursi O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyini oilalar va taʼlim muassasalari uchun keng qamrovli tarbiyaviy loyihaga aylantirish tashabbusini yoritib, musulmonlarni ushbu oyni yuksak axloq va jipslikning oliy namunasiga ergashish yo‘lidagi yangi debochaga aylantirishga chaqirdi.
“Eldameer” axborot portali ham O‘zbekiston muftiysining asarlarini atroflicha taqdim etib, Rabiul avval oyining chuqur mazmuni va sunnatga ergashish orqali maʼnaviy poklanishning muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi