Germaniya matbuoti: O‘zbekiston barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st mamlakat sifatida sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda
Aprel 12, 2026. 14:42 • 2 daq
• 195BERLIN, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Reise Travel” onlayn nashri va “UZBEKISTAN – invest now” jurnalining yangi sonida O‘zbekistonning turizm salohiyati va yuqori xavfsizlik darajasiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st mamlakat” sarlavhali ushbu materiallarda O‘zbekistonning global turizm bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
Nemis nashrlarining maʼlumotiga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston turizm sohasida rekord darajadagi o‘sishga erishdi. Mamlakatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 12 million nafarga yaqinlashib, o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ortdi, turistik xizmatlar eksporti esa 4,8 milliard dollardan oshgan. Bunday yuqori ko‘rsatkichlar tizimli islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va sohani raqamlashtirish natijasidir. Ayniqsa, 94 ta davlat uchun vizasiz rejim joriy etilgani mamlakatning xalqaro ochiqligini yangi bosqichga olib chiqdi.
Maqolalarda dunyodagi geosiyosiy beqarorlik fonida O‘zbekistonning xavfsizlik darajasiga yuqori baho berilgan. Xususan, “International SOS” reytingida mamlakatimiz xavf darajasi eng past bo‘lgan (Low Risk) davlatlar qatoridan joy oldi. “Numbeo” indeksida esa O‘zbekiston xavfsizlik bo‘yicha dunyoda 25-o‘rinni egallab, yolg‘iz sayohat qiluvchi ayollar uchun eng xavfsiz manzillardan biri sifatida qayd etildi. Shuningdek, “Gallup” indeksi O‘zbekistonni jamoat tartibi va qonun ustuvorligi borasida jahonning yetakchi davlatlari safiga qo‘ydi.
Nemis ekspertlarining taʼkidlashicha, bugungi O‘zbekiston Ipak yo‘lining boy merosini zamonaviy qulayliklar va yuksak mehmondo‘stlik bilan uyg‘unlashtirgan holda taqdim etmoqda. Samimiy muloqot muhiti va barqaror xavfsizlik tizimi O‘zbekistonni xalqaro maydonda eng istiqbolli va jozibador sayyohlik markazi sifatida namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

