O‘zbekiston Prezidenti raisligida avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

May 19, 2026. 18:13 • 3 daq

6
O‘zbekiston Prezidenti raisligida avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

TOSHKENT, 19-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda avtomobilsozlik sohasi rivojiga katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu tarmoq yuqori qo‘shilgan qiymat, sanoat kooperatsiyasi, minglab ish o‘rinlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati raqobat va isteʼmolchi manfaatiga yo‘naltirilgan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘n yil avval avtomobil bozori deganda bitta ishlab chiqaruvchi va uzoq navbatlar tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda “Chevrolet”, “BYD”, “KIA” va “Hyundai” kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda 5 ta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda “Volkswagen”, “Foton” va “JAC” zavodlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlarni aholi bevosita his qilmoqda. Bozorda tanlov kengaydi, uzoq navbatlar barham topdi. Joriy yilda avtomobil savdosiga 20 ta bank jalb qilinib, avtomobillarning 95 foizi bo‘lib-bo‘lib to‘lash va qulay kredit tizimi orqali sotildi.

Ayni paytda qo‘shni davlatlar uchun ham avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish rivojlanmoqda. Soha atrofida yangi kooperatsiya zanjirlari shakllanib, 10 mingdan ortiq yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlamoqda. 300 dan ziyod korxona “Chevrolet”, 40 ga yaqin korxona “KIA” va “BYD” uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda.

Taqdimotda avtomobilsozlikda ishlab chiqarish hajmini va band bo‘lganlar sonini 1 milliontaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yengil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hamda yig‘ish bo‘yicha ko‘plab loyiha takliflari kelib tushayotgani O‘zbekistonda qulay investitsiya muhiti va yuqori daromadli bozor shakllanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, har bir loyiha bozor talabi va iqtisodiy samara asosida baholanishi, asosiy eʼtibor tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lishga qaratilishi zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda “Volkswagen” avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi haqida axborot berildi. Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilgan. Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida to‘liq siklda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilgan.

Bugungi global vaziyat avtomobilsozlik sohasiga sezilarli taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu bois, texnologik mustaqillikni taʼminlash, innovatsiyalarni joriy etish va eksport hamda logistika cheklovlariga kamroq bog‘liq bo‘lgan raqobatbardosh milliy mahsulotlar yaratish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Bu borada Andijon va Jizzaxda zamonaviy muhandislik maktablari ochilgani, yosh tadqiqotchilar va muhandislar shakllanayotgani, umuman, mahalliy mahsulotlarni kengaytirish va yakuniy mahsulot yaratish uchun zarur intellektual salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu maqsadda “O‘zavtosanoat” AJ tizimida Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati rivojlantirilishi belgilandi.

Sohadagi yana bir katta imkoniyat – ehtiyot qismlar bozori ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ehtiyot qismlar bozorini tartibga solish, mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, sertifikatlash tizimini takomillashtirish va zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etish zarurligi qayd etildi. 2026-yil yakuniga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Avtomobil ehtiyot qismlar bozorini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz avtomobilsozlik sanoati mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri ekanini taʼkidlab, sohada raqobatni kuchaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, milliy muhandislik maktabini rivojlantirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish