“News Network Pakistan”: O‘zbekiston suv diplomatiyasiga mamlakatda kechayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yondashmoqda
Avgust 23, 2026. 12:30 • 2 daq
• 139
ISLOMOBOD, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” onlayn nashri O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatovning “SHHT va suv diplomatiyasi: umumiy manfaatlar yo‘lida” sarlavhali maqolasini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Shanxay hamkorlik tashkilotining taʼsis hujjatlarida tabiiy resurslardan, jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qo‘shma ekologik dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan, – deya maʼlum qiladi muallif. – Keyingi yillarda mazkur yo‘nalishning siyosiy va huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. SHHTning Dushanba va Samarqand deklaratsiyalarida xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish, suv resurslarini kompleks va oqilona boshqarish barqaror taraqqiyotning muhim sharti sifatida qayd etildi”.
Maqolada O‘zbekiston suv diplomatiyasiga faqat tashqi siyosat vositasi sifatida emas, balki mamlakat ichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yondashayotgani eʼtirof etilgan. Zero, mintaqaviy muloqotda suvdan samarali foydalanish g‘oyasini ilgari surish uchun har bir davlat, avvalo, o‘z hududida suv isrofini kamaytirishi va zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishi zarur.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisi va xalqiga so‘nggi Murojaatnomasida ham suv tanqisligi dunyo miqyosida tobora dolzarblashib borayotgani, shu bois suvdan oqilona foydalanish islohotlarning dastlabki kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi”. – deyilgan maqolada.
Pokiston elektron nashri eʼlon qilgan materialda so‘nggi yillarda O‘zekistonda ushbu sohada erishilayotgan natijalar alohida urg‘ulangan. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. 2025-yil yakunida bunday texnologiyalar qamrovi 2,6 million gektarga, yaʼni sug‘oriladigan maydonlarning 61 foiziga yetdi.
Muallif taʼkidiga ko‘ra, bugun suv diplomatiyasiga faqat nizolarning oldini olish vositasi sifatida qarash yetarli emas. U iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirishi, investitsiyalarni jalb qilishi, texnologiyalar almashinuvini tezlashtirishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlashi kerak.
“Zero, suv davlat chegaralarini tanlamaydi. Uning oqimi xalqlarning taqdiri, farovonligi va kelajagini bir-biriga bog‘laydi. Suvdan oqilona foydalanish — iqtisodiy taraqqiyot, uni adolatli boshqarish — yaxshi qo‘shnichilik, har bir tomchini asrash esa umumiy kelajak oldidagi masʼuliyatdir”, – deb yozilgan maqola oxirida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi