Aparnaa Somanatan: Bolalarga ajratilgan sarmoya – mamlakat kelajagiga kiritilgan investitsiyadir
Oktabr 22, 2026. 17:30 • 2 daq
• 49
SAMARQAND, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy amaliyot direktori Aparnaa Somanatan “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida bolalar farovonligiga investitsiya kiritishning ahamiyati va O‘zbekistonda erishilayotgan natijalar haqida fikr bildirdi:
– Avvalo, barcha ishtirokchilar va O‘zbekiston hukumatiga bizni ushbu muhim anjumanda birlashtirgani uchun minnatdorlik bildiraman. Sammitning ahamiyati shundaki, u siyosatchilar va ekspertlarni oddiy, ammo nihoyatda muhim g‘oya atrofida jipslashtiradi. Bolalarga ajratilgan sarmoya – mamlakat kelajagiga kiritilgan investitsiyadir.
O‘zbekistonda bugun tug‘ilgan bola voyaga yetganida o‘z salohiyatining taxminan 60 foizini ro‘yobga chiqarishi mumkin. Sog‘liqni saqlash, to‘g‘ri ovqatlanish, ta’lim va boshqa muhim yo‘nalishlarga maqsadli sarmoya kiritish orqali 2050-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni yana 6 foizga oshirish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston bu boradagi imkoniyatlarni allaqachon namoyon etmoqda. So‘nggi bir necha yil davomida erta yoshdagi ta’lim bilan qamrov sezilarli darajada kengaydi, bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari esa pasaydi. Bu erishilgan natijalar kelgusida yanada sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Endigi muhim vazifa – bolalar hayotining ilk bosqichlaridanoq zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning sog‘lom ovqatlanishi va salomatligini ta’minlashdir. Bu kelajakda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta oladigan, mehnat bozorida samarali faoliyat yuritadigan va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Jahon banki O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy siyosat sohalaridagi asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Biz bolalarning to‘laqonli rivojlanishi va kelajakda iqtisodiy o‘sishga munosib hissa qo‘shishi uchun ushbu yo‘nalishlardagi hamkorligimizni davom ettiramiz.
Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oyalar ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tajriba bilan tasdiqlangan va muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bola hayotining ilk yillarida uning rivojlanishiga sarmoya kiritish muhimligini alohida ta’kidlashni istardim.
Bugun bolalar uchun yaratilgan imkoniyatlar ertangi kunning iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy barqarorligi va jamiyat farovonligini belgilaydi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda bolalar farovonligiga qaratilgan tashabbuslar va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga intilish katta ahamiyatga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi