“O‘rta Lectura”: O‘zbekiston investitsiya va islohotlar markaziga aylanmoqda
Iyun 24, 2026. 14:00 • 3 daq
• 119MADRID, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “O‘rta Lectura” nashrida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan turli maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materiallarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy, ilmiy va madaniy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayon mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirib, xorijiy investorlar va hamkorlarning qiziqishini kuchaytirmoqda.
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham iqtisodiy, ilmiy va madaniy masalalar keng muhokama qilindi.
Ushbu nufuzli forum jarayonida xalqaro moliyaviy institutlar, yirik konsalting kompaniyalari va ekspertlar ishtirok etib, muhim mineral resurslar sohasida hamkorlikni kengaytirish, ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston kritik ahamiyatga ega mineral resurslarni iqtisodiy taraqqiyot va energetik o‘tishning muhim omili sifatida ko‘rmoqda. Mamlakatda qonunchilik takomillashtirilmoqda, geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunda 25 turdagi muhim mineral resurslarni o‘zlashtirishga qaratilgan 100 dan ortiq investitsiya loyihasi shakllantirilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat iqtisodiyot, balki ilm-fan va madaniyat sohalarini ham qamrab olmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan. Ushbu konsepsiya tarixiy merosni zamonaviy ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim bilan uyg‘unlashtirishni maqsad qiladi.
Bu g‘oyaning yorqin namunasi sifatida Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini keltirish mumkin. Markaz nafaqat tarixiy yodgorliklar va qo‘lyozmalarni saqlash, balki ilmiy tadqiqotlar, ta’lim va ma’rifiy faoliyat uchun ham muhim maydon hisoblanadi. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri – Usmon mus'hafi saqlanadi.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ajdodlari – Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi allomalarning ilmiy merosini davom ettirishga qaratilgan. Bugun mamlakat raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsion iqtisodiyot va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekiston iqtisodiy modernizatsiya, investitsiyalar jalb qilish va ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotni birlashtirgan holda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatning maqsadi – boy tarixiy merosga tayangan holda zamonaviy, ochiq va raqobatbardosh davlatni barpo etishdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


