Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida futbol turniri bo‘lib o‘tdi

Iyun 24, 2026. 12:30 • 2 daq

45
Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida futbol turniri bo‘lib o‘tdi
Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida futbol turniri bo‘lib o‘tdi
Malayziyadagi vatandoshlar ishtirokida futbol turniri bo‘lib o‘tdi

KUALA-LUMPUR, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakillari hamkorligida “Youth Cup – 2026” futbol turniri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vatandoshlar ishtirokidagi ushbu musobaqa O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtiroki hamda yurtimizda 30-iyun kuni nishonlanadigan Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazildi.

Turnirda Malayziyaning “Asia Pacific University of Technology and Innovation”, “Universiti Tenaga Nasional”, “Cyberjaya University”, “City University”, “UCSI University”, “Xiamen University Malaysia”, “Alfa University”, “MAHSA University”, “Lincoln University” singari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar qatnashdi. G‘oliblik uchun o‘zbekistonlik talabalardan tashkil topgan o‘ndan ortiq jamoa bahs olib bordi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “City University” talabalari jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa “UCSI University” va “Xiamen University Malaysia” vakillari qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar kubok hamda diplomlar bilan taqdirlandi.

Bellashuv doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarni mamlakatimizda yoshlar siyosati va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. U yosh avlodning har tomonlama kamol topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Turnir nafaqat sport musobaqasi, balki vatandoshlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xorijdagi yoshlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish uchun ham maydon vazifasini o‘tadi. Musobaqa yakunida ishtirokchilar va mehmonlar uchun an’anaviy o‘zbekona dasturxon yozildi.

Ishtirokchilar xorijdagi o‘zbekistonlik talabalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bu kabi tashabbuslarni kelgusida ham davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

“Asli Andijonlikman. Hozirgi kunda Malayziyaning Milliy energetika universitetida magistratura bosqichida tahsil olyapman. Bugungi tadbirda jamoalar bir-birlari bilan do‘stona va o‘zaro hurmat asosida o‘yinlarni o‘tkazdi. Biz Malayziyadagi hamyurtlar O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi o‘yinlarini birgalikda katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdamiz. Ushbu turnirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning o‘zaro jipsligini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan iborat. Malayziyada bo‘lib turgan vatandoshlarga qaratilayotgan e’tibordan mamnunmiz”, deydi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakili Farxod Oxunjonov.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi