Logo

Toshkentda yangi mehmonxona majmuasining ochilishi Hindiston ishbilarmon doiralarida ijobiy aks-sado berdi

Noyabr 29, 2025. 15:49 • 2 daq

79
Toshkentda yangi mehmonxona majmuasining ochilishi Hindiston ishbilarmon doiralarida ijobiy aks-sado berdi

DEHLI, 29-noyabr. / “Dunyo” AA/. Hindistonning “Business Central Asia” ishbilarmonlar jurnalining noyabr oyi sonida Toshkentda xalqaro darajadagi yangi mehmonxona majmuasi ochilganiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu maqola Hindiston tadbirkorlar hamjamiyatining O‘zbekistondagi infratuzilma rivojiga bo‘lgan eʼtibori kuchayib borayotgani hamda mamlakatimiz turizm sohasiga bo‘lgan qiziqish yana-da ortayotganini ifoda etgan.

Maqolada bir nechta muhim jihatlarga eʼtibor qaratilib, zamonaviy obyektlar bunyod etilishi mamlakatimiz turistik salohiyatining izchil o‘sishiga xizmat qilayotgani qayd etilgan.

Muallif nashr o‘quvchilari eʼtiborini yangi inshootlarning asosiy xususiyatlariga qaratgan. Jumladan, 8 gektardan ziyod maydonda joylashgan majmua har yili 55 ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega 12 ta uch yulduzli mehmonxonani o‘z ichiga olgani maʼlum qilingan. Bu esa uni turistik oqim o‘sishining yangi drayveri sifatida belgilayotgani haqida so‘z yuritilgan.

Nashr mehmonxonalar majmuasini boshqarishga “Radisson Individuals” va “Trademark Collection by Wyndham” kabi yetakchi xalqaro operatorlar jalb etilgani hamda yangi loyihaning xalqaro mehmondo‘stlik standartlariga mos kelishini urg‘ulagan.

Yirik tadbirlarni o‘tkazish uchun yaratilgan imkoniyatlar, xususan, qulay konferens-zallar majmuaning ishbilarmonlik turizmiga yo‘naltirilganligidan ham dalolat beradi. Bu bilan Toshkent xalqaro bozorga taqdim etayotgan takliflarini yanada kengaytirmoqda, deb taʼkidlagan muallif.

Hindistonda yildan-yilga chet elga sayohat qiluvchi turistlar soni barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Mamlakat matbuotida chop etilayotgan bunday mazmundagi maqolalar hindistonlik sayohatchilarda O‘zbekistonning zamonaviy va jozibador, rivojlangan turistik infratuzilmaga ega manzil sifatidagi obrazini rivojlantirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish