Logo

Qohirada vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli bo‘lib o‘tdi

Aprel 01, 2026. 16:48 • 2 daq

9
Qohirada vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli bo‘lib o‘tdi

QOHIRA, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari tomonidan vatandoshlar uchun navbatdagi sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Qohira shahrining Nasr-Siti dahasi, 7-tumanida, ko‘plab yurtdoshlarimiz istiqomat qiladigan hududda tashkil etildi. Unda 30 nafardan ortiq vatandosh ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

Sayyor qabul davomida asosiy eʼtibor konsullik-huquqiy masalalarga qaratildi. Xususan, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, hujjatlarni legalizatsiya qilish, turli mazmundagi maʼlumotnoma va ishonchnomalar berish, shuningdek boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.

Diplomatlar har bir murojaat etuvchiga amaldagi konsullik tartib-taomillari, hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va qonunchilik talablari yuzasidan batafsil tushuntirish berdi. Shu bilan birga, vatandoshlarga vaqtinchalik konsullik hisobida turishning ahamiyati, Misr hududida bo‘lish maqomini qonuniylashtirish hamda qabul qiluvchi davlat qonunlariga qatʼiy rioya etish zarurligi bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Bunday sayyor tadbirlar xorijdagi vatandoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ular bilan doimiy aloqani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish