Yaponiyaning “RCC TV” teleradiokanalida O‘zbekiston haqida maxsus dastur namoyish etildi
Aprel 01, 2026. 17:18 • 2 daq
• 59
TOKIO, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning nufuzli “RCC TV” teleradiokanalida O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va xalqimizning mehmondo‘stligiga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur teleloyiha “RCC TV” ijodiy guruhining joriy yil 26-fevral – 2-mart kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan ijodiy safari natijasida tayyorlandi. Tashrif O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, “Dunyo” axborot agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etildi.
Suratga olish ishlari Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida olib borildi. Ijodiy guruh Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, taʼlim muassasalari, poytaxtimizdagi Yapon bog‘i hamda ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonda bo‘lgan yapon fuqarolari dafn etilgan maskanlarni qamrab oldi.
Teledasturda O‘zbekistonda katta muvaffaqiyat bilan o‘tgan “Xirosima kagurasi” madaniy tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu qadimiy yapon sanʼatining tarixi va ahamiyati keng yoritildi.
Ko‘rsatuvning eng taʼsirli qismlaridan biri Ikkinchi jahon urushi davrida yurtimizda bo‘lgan yapon fuqarolari tarixiga bag‘ishlandi. Xususan, ularning Alisher Navoiy nomidagi teatr qurilishidagi fidokorona mehnati va mahalliy aholi bilan shakllangan o‘zaro hurmat munosabatlari lavhalarda o‘z aksini topgan.
Dasturda bugungi kunda O‘zbekistonda yapon madaniyatiga bo‘lgan yuksak qiziqish, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishi va kagura jamoasining o‘zbek tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olingani alohida qayd etildi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur teleloyiha O‘zbekistonning mehmondo‘stlik anʼanalarini yapon jamoatchiligiga keng tanitish bilan bir qatorda, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash va yurtimizning ijobiy xalqaro imijini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi