Pokiston OAV: O‘zbekiston 2026 yilning birinchi choragida xalqaro tashkilotlar kutgan natijalardan ham yuqori iqtisodiy o‘sishga erishdi
May 13, 2026. 18:55 • 3 daq
• 97
ISLOMOBOD, 13-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Ittehad” gazetasi va “Pakistan Economic Network” elektron nashrida O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish surʼatlariga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Nashrlarda O‘zbekistonda birinchi chorakda erishilgan iqtisodiy o‘sish surʼatlari tahlil qilingan va bu xalqaro tashkilotlar kutgan natijalardan ham yuqori bo‘lgani taʼkidlangan. Osiyo taraqqiyot banki birinchi chorak uchun 6,7% o‘sishni prognoz qilgan edi. Jahon banki dastlab 6% deb baholagan, ammo aprel oyida bu prognozni 6,4%gacha oshirdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham aprel oyida o‘z prognozini 6,2%dan 6,8%ga ko‘tardi.
“Amalda esa O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7%ga o‘sdi. Joriy narxlarda yalpi ichki mahsulot hajmi 36,9 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, erishilgan natijaga eng yaqin prognozni O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan bo‘lib, u yil boshida birinchi chorakda iqtisodiy o‘sishni 7% darajasida bo‘lishini taxmin qilgan edi”, – deyilgan materiallarda.
Shuningdek, Pokiston OAV O‘zbekistonda faol amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishdagi salmoqli hissasini urg‘ulagan. Bu holat joriy yilda Iqtisodiy erkinlik indeksida ham qayd etildi: O‘zbekiston 14 pog‘onaga yuqorilab, ilk bor iqtisodiyoti o‘rtacha erkin davlatlar qatoriga kirdi.
Maqolalarda yozilishicha, yil boshidan O‘zbekistonda inflyatsiya va narxlar barqarorligini boshqarishning yangi tizimi faol joriy etildi. Barcha masʼul rahbarlar va viloyat hokimlari uchun 2026-yildagi asosiy vazifa sifatida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash hamda yillik inflyatsiya darajasining 6,5%dan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilandi.
“Shunday jadal iqtisodiy o‘sish tufayli O‘zbekiston davlat byudjeti daromadlari ham birinchi chorakda barqaror o‘sdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35%ga oshdi. Byudjetga tushgan soliqlar 24%ga, bojxona to‘lovlari esa o‘tgan yilga nisbatan 20%ga ko‘paydi. Birinchi chorakda O‘zbekistonda investitsiya faolligi rekord darajaga yetdi. Asosiy kapital va rivojlanish loyihalariga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 12,85 milliard dollarni tashkil etib, 41,5%ga o‘sdi”, – deb qayd etilgan materiallarda.
Bundan tashqari, birinchi chorakda tovarlar va xizmatlar umumiy eksporti barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etib, 5,8 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26% yoki 1,2 milliard dollarga ko‘pdir. Eksport hajmining o‘sishi respublikadagi 147 ta tuman va shaharda taʼminlandi. Natijada eksportchi korxonalarning umumiy soni 4 mingtaga yetdi.
Pokiston OAV joriy yilning ushbu davrida 167 ming nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlandi, 737 ming nafar fuqaroga esa qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ko‘mak berilganini eʼtirof etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekistonning OTB yillik yig‘ilishida ilgari surgan tashabbuslari Misr OAVda keng yoritilmoqda



