Pokiston OAV: Yangi O‘zbekistonning maʼrifiy siyosati Markaziy Osiyoda yangi ufqlarni ochmoqda
Noyabr 30, 2025. 12:01 • 3 daq
• 48
ISLOMOBOD, 30-noyabr. / “Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “The Times Union” va “Election Times” nashrlarida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Yangi O‘zbekistonning maʼrifiy siyosatiga bag‘ishlangan maqolasini eʼlon qildi.
“Biz xalqimizning eng baxtli farzandlarimiz, – deb yozgan maqolasi muqaddimasida vazir Ozodbek Nazarbekov. – Jadid bobolarimiz orzu qilgan kunlarni ko‘rish, ular istagan kelajakni yaratish bizga nasib etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasidagi tadbirlar davomida bunga yana bir marta amin bo‘ldim”.
U, shuningdek, keyingi yillarda Markaziy Osiyo dunyo siyosiy xaritasida yangicha qiyofa kasb etganini urg‘ulagan. “Bugun mintaqa davlatlari raqobatchi emas, hamkor, taraqqiyot yo‘lida birgalikda borayotgan ishonchli ittifoqchilar ekani eʼtirof etildi. Shu bois boshqa mintaqalar, qudratli davlatlar biz bilan hisoblashib, kelajagini Markaziy Osiyo ruhi bilan uyg‘un holda ko‘rmoqda. Bu bejiz emas. Chunki, xalqaro maydonda turli ziddiyatlar, faqat moddiy manfaatlarni ilgari surish avj oldi. Ana shunday bir vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, oqilona qarorlari bilan mintaqamizda mutlaq yangi, xalqimizga xos bag‘rikenglik siyosati ustuvorlik kasb etdi”, – deb taʼkidlangan nashrda.
Muallif qayd etganidek, O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo ruhini uyg‘otishda, avvalo xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirish yo‘lidan bordi. Munosabatlarni yangi bosqichga chiqarishda adabiyot, sanʼatning kuchidan oqilona foydalandik. Xususan, mamlakatlarimiz madaniyat vakillari o‘rtasida turli tadbirlar, festivallar uyushtirildi. Davlat rahbarlari tashriflari doirasida sanʼat, madaniyat namoyandalarining chiqishi, katta konsertlar qo‘yilishi odatiy tusga aylandi.
“Prezidentimiz hamkasblariga kitob sovg‘a qilishni anʼanaga aylantirdi. Ochig‘i o‘sha vaqtda biz bularni faqat madaniy aloqalar doirasidagina tushunganmiz. Davrning o‘zi ko‘rsatyaptiki, Prezidentimiz tanlagan yo‘l xalqlarning yuragiga kirib borish yo‘li ekan”, – deya urg‘ulagan O‘zbekiston madaniyat vaziri.
Maqolalarda, shuningdek, so‘ngi yillarda “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar kuchaygani urg‘ulangan. Mintaqa xalqaro maydonda yagona pozitsiyani namoyon etmoqda. Ayni paytda jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashyapti. Investitsiyaviy jozibadorlik oshib, uchinchi bozorlarga eksport imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Uning yettinchi Maslahat uchrashuviga davlatimiz rahbari raislik qildi. Ushbu davrda hamkorligimiz nihoyatda samarador bo‘ldi. Hamkorlik salohiyatini yana-da oshirish maqsadida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.
“Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlari bilan ilk bora uchrashuv o‘tkazdik. Unda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli masalalari ko‘rib chiqildi. Madaniyat va sanʼatning turli yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Mintaqaviy madaniy hamkorlikning hozirgi holati, istiqboldagi rejalar haqida fikr almashdik”, – degan muallif.
Ozodbek Nazarbekovning yozishicha, madaniy merosni o‘rganish, tiklash va raqamlashtirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalarni kengaytiradigan bo‘ldik. Bundan tashqari, yosh ijodkorlar o‘rtasidagi almashinuv dasturlarini rivojlantiramiz. Bunda seminar, konferensiya va yozgi maktablarni tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdik. Shuningdek, madaniyat va sanʼat yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish borasida hamkorlikni kuchaytirish masalasida fikr almashdik. Muhimi, “Markaziy Osiyo madaniy brendi”ni ishlab chiqish haqida ijobiy fikrlar aytildi.
Maqolalar yakunida “Yangi O‘zbekistonning maʼrifiy siyosati Markaziy Osiyoda yangi ufqlarni ochayotgan bir pallada unga munosib bo‘lish shu yurtning har bir farzandining ham farzi, ham qarzidir”, – deyilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda