Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yakunlari haqida yozmoqda

Iyun 02, 2026. 10:55 • 3 daq

63
Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yakunlari haqida yozmoqda
Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yakunlari haqida yozmoqda

ISLOMOBOD, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Spokesman” gazetasi, “The World News” va “Infora News” elektron nashrlarida O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yetti yillik yakunlariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bo‘lim boshlig‘i Timur Ahmedov qalamiga mansub mazkur maqolada yozilganidek, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tarixida mamlakat fuqarolari dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmasin ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish endi shunchaki konstitutsiyaviy majburiyat emas, balki davlatning insonparvarligi va mas’uliyatining oliy namoyoniga aylangan. Bu yo‘ldagi eng murakkab, ammo strategik jihatdan muhim sinovlardan biri Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar zonalaridan vatandoshlarni qaytarish bo‘ldi.

“O‘zbekiston dunyoda birinchilar qatorida “begonalashtirish” siyosatidan “qaytarish va marhamat” siyosatiga o‘tib, noyob reabilitatsiya modelini yaratdi, – deya ta’kidlagan muallif. – Bunday birinchi gumanitar operatsiya roppa-rosa yetti yil avval – 2019-yil 30-mayda – Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘i bilan amalga oshirildi. O‘sha missiya davomida urush domida qolgan Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi – asosan ayollar va bolalar – Vatanga qaytarildi”. 

O‘shandan beri umumiy nomi “Mehr” deb atalgan gumanitar operatsiyalar silsilasi boshlandi. Har bir missiya o‘zining logistikasi, xavf darajasi va qaytarilayotgan shaxslar toifasi jihatidan noyob bo‘ldi. SMTI eksperti ta’kidiga ko‘ra, 2019-yil oktyabr oyida amalga oshirilgan “Mehr-2” operatsiyasining o‘ziga xosligi shundaki, O‘zbekiston onalari xorijiy qamoqxonalarda jazoni o‘tayotgan 64 nafar bolaning to‘liq vasiyligini o‘z zimmasiga oldi.

“2020-yil dekabr oyida, jahon miqyosidagi pandemiyaning qattiq karantin cheklovlariga qaramay, “Mehr-3” missiyasi doirasida Suriyaning “Al-Xol” va “Roj” lagerlaridan, og‘ir sanitariya sharoitidan 98 nafar ayol va bola qutqarib olindi. “Mehr-4” gumanitar operatsiyasi 2021-yil fevral oyida tashkil etildi. Afg‘oniston yo‘nalishidagi bu missiya mamlakat chegaralari yaqinidagi uzoq cho‘zilgan urush girdobida qolgan 24 nafar fuqaroning qaytishini ta’minladi. “Mehr-5” operatsiyasining yakunlovchi bosqichi 2021-yil aprel oyida amalga oshirilib, Suriyadan 92 nafar kishi – 24 nafar ayol va 68 nafar bola, ulardan 7 nafari mutloq yetim – Vatanga olib kelindi”, – deb xabar qilgan muallif. 

Nashrlarda ma’lum qilinganidek, jami “Mehr” operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi qaytarildi, ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi. Bu borada asosiy tamoyil o‘zgarmasdan qolmoqda: bolalar ota-onalarining xatosi uchun javob bermaydi.

Pokiston OAV, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini mojarolar zonalaridan repatriatsiya qilish natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidaneng muvaffaqiyatli gumanitar modellardan biri sifatida e’tirof etayotganini yozgan. BMT “O‘zbek modelini” boshqa hukumatlar uchun yo‘l xaritasi sifatida rasman tavsiya etdi. 

Maqolalar muallifning “O‘z fuqarolari oldida chegaralarni yopishni afzal ko‘rganlardan farqli o‘laroq, O‘zbekiston rahbariyati mas’uliyat yo‘lini tanladi. O‘zbekiston tajribasi shuni tasdiqlaydi: davlat yordam qo‘lini cho‘zganida, jamiyat mustahkamroq bo‘ladi va xavfsizlik buzilmas bo‘lib qoladi. O‘zbekistonning bu sohadagi shiori aniq: “Bolalar terrorchi bo‘lib tug‘ilmaydi” va har bir o‘zbekistonlik doimo o‘z Vatanining himoyasida bo‘ladi”, – degan xulosasi bilan yakunlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish