Logo

Polsha jurnalida O‘zbekistonning turistik salohiyati keng yoritildi

Aprel 29, 2026. 16:25 • 2 daq

72
Polsha jurnalida O‘zbekistonning turistik salohiyati keng yoritildi

VARSHAVA, 29-aprel. /Dunyo AA/. Polshaning “Ambasador” jurnalida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Navro‘z bayrami munosabati bilan OAV va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etilgan. Ishtirokchilar Navro‘z bayrami tarixi va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, Navro‘zning o‘zbek xalqining milliy bayramlaridan biri ekani, tabiatning uyg‘onishi, yangi yilning boshlanishi, birlik va do‘stlik qadriyatlarini o‘zida mujassam etgani taʼkidlangan.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev ishtirokchilarga mamlakatning turizm imkoniyatlari haqida maʼlumot bergan. U O‘zbekiston–Polsha aloqalari, sayyohlar oqimining o‘sishi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va zamonaviy temir yo‘l yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan transport qatnovi imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi betakror turistik yo‘nalishlar turistlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakat madaniy-maʼrifiy va gastronomik turizmdan tortib, ekologik va individual marshrutlargacha bo‘lgan keng imkoniyatlarni taklif etmoqda.

Bundan tashqari, materialda polshalik ekspertlarning O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi, biznes yuritish uchun qulay sharoitlari va mamlakatning yuqori demografik salohiyati haqidagi fikrlari keltirilgan.

Buyuk Ipak yo‘lining muhim tarixiy markazi bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro hamkorlik uchun ochiq zamonaviy turizm va investitsiya yo‘nalishi sifatidagi o‘z mavqeyini izchil mustahkamlab borayotgani eʼtirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish